Nazarboyev tuhfasi muzey fondini boyitdi

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Ali, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori X.Muhammadiyev azaldan qardosh xalqlarimizning bugungi iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy hamkorlik aloqalari haqida so‘z yuritdi.

– Mazkur ko‘rgazmadan joy olgan 30 ta asar taniqli rus rassomi Vladimir Klavixo-Telepnev ijodiga mansub, – deydi muzey-qo‘riqxona muhofizi M.Yunusov. – Bu grafika asarlari Markaziy Osiyo xalqlarining boy tarixi, mintaqa aholisining turmush tarzi, qardosh qozoq xalqining madaniyati, urf-odatlari, arxitekturasi, tabiati haqida tushuncha beradi.

Shuningdek, Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan "Madaniy meros – milliy ma’naviyatimizni boyitish omillaridan biri sifatida" mavzusida ilmiy anjuman ham o‘tkazildi.

Konferensiyada mutaxassislarning Sug‘d madaniyati, O‘zbekiston landshaft arxitekturasida qadimgi madaniy meros ob’yektlari, tarixiy obidalardan turizm sohasida keng foydalanish, tasviriy san’at durdonalarini to‘plash, saqlash, ta’mirlash va namoyish etishdagi dolzarb muammolarga doir ma’ruzalari tinglandi.

Abdug‘ofur BAXTIYoROV.