Necha nafar farzandi bo‘lgan oila ko‘p bolali hisoblanadi?

Ilgari o‘n va undan ortiq farzandni dunyoga keltirib, tarbiyalayotgan oilalarni ko‘p farzandli ona (ko‘p bolali oila), deb atardik.

Ammo hozir 10 nafardan ortiq farzandi bor oilani topish mushkul.

Xo‘sh, bugun necha nafar farzandi bo‘lgan oila ko‘p bolali hisoblanadi?

Xotin-qizlarning davlat va jamoat ishlaridagi faolligi, farzandlar salomatligini ta’minlash, ularni tarbiyalash va o‘qitish bilan bog‘liq vazifalar ota-onalarni “ixcham” oila tashkil etishga undamoqda. Shu bois bo‘lsa kerak, ota-onalar ikki-uch nafar farzandli bo‘lishni va ularni sog‘lom qilib tarbiyalashga intilmoqda.

Bundan tashqari, ishsizlik va kambag‘allikning mavjudligi ham bu borada o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda, albatta.

Oilalarda yuzaga kelgan bunday munosabat respublika hukumati tomonidan o‘rganilib, qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni (Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 5 avgustda qabul qilingan, Senat tomonidan 2020 yil 11 sentyabrda ma’qullangan) bilan Oila kodeksi 4-1-moddasi (“Ko‘p bolali oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish”) bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, “To‘rt nafar va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan oila ko‘p bolali oiladir. Bunda, agar to‘rt nafar va undan ortiq bolalaridan bir nafari yoki undan ko‘prog‘i ta’limning kunduzgi shaklida (o‘rta maxsus va kasb-hunar, oliy ta’lim) ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan hamda yigirma ikki yoshga to‘lmagan bo‘lsa, bu oila ham “ko‘p bolali oila”, deb hisoblanadi”.

Demak, O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘rt va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga yetmagan farzandi bo‘lgan oila ko‘p bolali oila hisoblanadi.

Yo‘ldosh Suyunov,

huquqshunos.