Nega ayollar uzoq umr ko‘radi?

Onam va dadam televizor ko‘rib o‘tirishgandi. Shunda onam: "Charchadim, kech bo‘ldi, uxlagani ketdim", deb qoldi.

Shundan so‘ng, loviyani ivitish uchun suv solingan idishga soldi, ertangi kechki ovqat uchun muzlatkichdan go‘shtni olib qo‘ydi, nonushtaga sariyog‘ yetamidimi-yo‘qmi tekshirdi, shakardonga shakar soldi, stol ustiga likopchalarni terib qo‘ydi, har birining yoniga qoshiqlarni qo‘yib chiqdi...

Shundan so‘ng, ba’zi kiyimlarning uzilib ketgan tugmalarini tikdi, namlarini dorga osib qo‘ydi. Xona bo‘ylab sochilib yotgan o‘yinchoqlarni yig‘di. Gullarga suv quyib chiqdi, chiqiqindi idish uchun yangi paket soldi va g‘ijim bo‘lib qolgan sochiqni to‘g‘rilab qo‘ydi. So‘ng yotoqxona tomon yurdi.

Bir daqiqaga to‘xtab, o‘qituvchiga xabar yozdi, ertangi ekskursiya uchun ukamning sumkasiga pul solib qo‘ydi va stul ustida turgan kitobni olib qo‘ydi. Keyin esa yuzlariga krem surdi, tishlarini yuvdi.

— Uxlashga yotmaganmiding? — deb so‘radi dadam.

— Hozir... — dedi onam.

Tishlarini yuvib bo‘lgach, itning idishiga suv solib qo‘ydi. Kirish eshigini kalit bilan berkitib, yo‘lakdagi chiroqni o‘chirdi. Bolalarning holidan xabar olish uchun ularning xonasiga kirdi, xonadagi chiroqni o‘chirdi, polda yotgan ko‘ylak bilan oyoq kiyimlarni olib qo‘ydi va kir kiyim savatiga olib borib tashladi.

Yotoqxonaga kirib, soatni kerakli vaqtga qo‘ydi, ertangi kun uchun kiyimlarini tayyorladi va shoshilinch ishlar ro‘yxatiga yana uchta band qo‘shib qo‘ydi.

Shu mahal dadam televizorni o‘chirdi va dedi: "Uxlagani yotdim". Va haqiqatan ham to‘g‘ri yotoqqa yo‘l oldi. Ko‘p o‘tmay uxlab qoldi.

Nega ayollar uzoq umr ko‘rishadi, bilasizmi? Chunki ularning bajarishlari kerak bo‘lgan yumushlari judayam ko‘p...

©️ Samanta Vilyar va Sara Brunning "Hamma yuk yelkangda bo‘lganida, qanday umr kechirish mumkin?" kitobidan.