Nega yolg‘on gapiramiz?

Darhaqiqat, dunyoda yolg‘on aytmaydigan odam yo‘q. Yashirib o‘tirmaylik, deyarli har kuni aytdik, hamma zamonda aytganmiz, bundan keyin ham aytamiz. Shu bois ham uni yo‘qotish emas, balki kamaytirish choralari ko‘rilgan. Shariatda Qur’onni qo‘lga berib qasam ichirishgan. Hozir esa agar yolg‘on gapirsa, qonun yo‘li bilan chora ko‘rilishi bilan qo‘rqitamiz.

Bolalik va o‘smirligimizda “Chin komsomol so‘zim!”, “Chin pioner so‘zim!”, "O‘layin agar..."  degan va’dalar ham bo‘lardi, lekin baribir yolg‘on gapirardik. Hozir esa qo‘pol qasamlar paydo bo‘ldi. Darvoqe, yolg‘on iborasi lug‘atlarda “haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan noto‘g‘ri gap, narsa, uydirma” tarzida izohlanadi.

Xo‘sh, yolg‘onning yolg‘onligini, zararligini bilib turib nega uni ishlatamiz? Tajribamdan kelib chiqib, o‘zimcha tahlil qildim. Yolg‘onning asosiy manbasi-manfaat ekan. Birovni aldab maqsadga erishish, o‘zimizni oqlash, kibr, mensimaslik uchun yolg‘on aytar ekanmiz. “Aldagani bola yaxshi”, chunki o‘z tinchimizni ko‘zlab unga yolg‘on gapiramiz. Alloma Farididdin Attor bu holatga zo‘r sharh bergan:

   Gunohni eldan yashirmoq, jim o‘tirmoq,

   Vale undan yomon yolg‘on gapirmoq...

Ko‘rib turibmiz, bitta yolg‘on uchun ota-bola, qarindoshlarning, millatlar va davlatlarning bir-biriga bir umr g‘anim bo‘lganlari qancha. Negaki, yolg‘on o‘g‘irlik, mug‘ombirlikdan ham yomon. Manfaat va qo‘rquvdan paydo bo‘lgan bu illat barcha ko‘ngilsizliklarga, ishonchsizliklarga sabab bo‘ladi.

Tarixiy kitoblarni o‘qib, bolasini, do‘stini, hamkasbini, hatto millatini bir marta aldab ko‘rganlarning ahvoliga bir nazar soling. Otaning bitta yolg‘onini sezgan farzand unga hech qachon ishonmaydi. Jamiyatda ham shunday. Xalqqa va’da berib, uni bajarmagan rahbarga odamlar ko‘nglini ochmaydi, ishonmaydi. Soat 10 da bo‘ladigan yig‘ilishga bir soat oldin chaqirish usuli ham ko‘pchilikning asabiga tegib bo‘ldi. Yolg‘onchi odam do‘stlikka ham, rahbarlikka ham, oila boshliqligiga ham yaramaydi, hammasini barbod qiladi.

Yolg‘on juda tez tarqaladi, u gohida mahliyolikni keltirib chiqaradi. Ba’zan esa obro‘yimizni saqlab turish, o‘zimizni oqlash uchun yolg‘on aytamiz.

E’tibor berganmisiz, keyingi uch-to‘rt yil ichida Prezident Sh.Mirziyoyev  o‘z Murojaat va ma’ruzalarida bunday yolg‘onlarimizning qanchasini fosh qildi. Qanchalab yolg‘on ma’lumotnoma va statistik hisobotlarga barham berildi. Aholi murojaatini o‘rganishdagi yolg‘on “rozilik”lar, qiynalgan oilalarga yordam berishdagi yolg‘on ro‘yxatlar, eh-he, qancha-qancha yolg‘on, soxta ma’lumotlar ochib tashlandi. Hech bo‘lmasa, endi ko‘zimiz ochilar. Rost yashash, rost gapirishga imkon yaratilayotganda bu illatdan voz kechish yo‘lini qidirarmiz.

Abu Rayhon Beruniy “Yolg‘onchilik kishini adolatdan yuz o‘girtiradi” deb yozgan. Tag‘in u kishi “Yolg‘onchilikdan chetlanib, rostgo‘ylikka yopishgan kishini boshqa odam u yoqda tursin, yolg‘onchining o‘zi ham sevib maqtaydi" degan. Demak, alloma o‘z avlodlarining oqil bo‘lishiga ishongan. Ana shu ishonchga munosib bo‘laylik, azizlar.

Farmon Toshev.

2020 yil, 4 oktyabr.