Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nima qilsak ta’lim-tarbiya sohasida keskin o‘zgarishlar bo‘ladi?

Jamiyat taraqqiyoti, milliy farovonlik hamisha yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi, zamonaviy va tarixiy bilimlarni chuqur egallaganligi, yuksak malakasi bilan o‘lchanadi. Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ayni shu masalalarga urg‘u beradi: “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”.

Darhaqiqat, X-XV asrlarda jahonga yuksak darajadagi ilmiy-ma’rifiy salohiyatini namoyon qilgan ma’rifatparvar olim va ulomalarni yetishtirgan davlatchiligimiz bugun ilm-fan taraqqiyotida quyi o‘rinlarga tushib qoldi.

Endi nima qilsak ta’lim va tarbiya sohasida keskin o‘zgarishlar bo‘ladi? Qanday jahon standartlari, zamonaviy usul hamda uslublarni joriy qilish lozim? Jahon ta’lim integratsiyasida O‘zbekistonning o‘rni ertaga qanday bo‘ladi?

Murojaatnomada bu kabi savollar, muammo va masalalarga yechim va takliflar keltirib o‘tildi. Bu ulug‘ yo‘lda avvalo, yoshlar oldiga qo‘ygan marralarga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko‘mak berish – barcha uchun ustuvor vazifa bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishi belgilandi.

Jumladan, ushbu yo‘nalishda yosh avlodga bog‘cha, maktab va oliygohda sifatli ta’lim-tarbiya berishni yo‘lga qo‘yish, ularning jismoniy va ma’naviy sog‘lom, vatanparvar insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etish, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy, umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil, mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo‘lgan insonlar etib voyaga yetkazish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari, mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, ish va uy-joy bilan ta’minlash ustuvor vazifalar sifatida amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Muzaffar MAMATQULOV,

“Yuksalish” umummilliy harakati Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.