Nima sababdan trillionlab so‘mlik loyihalardan keyin ham ichki bozorda go‘sht mahsulotlari to‘lib toshmadi? Tahlil va taklif
Iqtisodiy tahlilchi Ilhom Vafoyevning mamlakatda chorvachilikni rivojlantirish orqali tom ma’noda bozorni go‘sht mahsulotlari bilan to‘ldirish, importni qisqartirish, aholining bu mahsulotga sarflayotgan mablag‘ini go‘shtni arzon qilish orqali iqtisod qilish va yashash darajasini oshirish borasidagi takliflari, fikrimizcha, e’tiborga molik.
Quyida tahlilchining ayrim fikr-mulohazalari bilan tanishasiz.
Chorvachilik sohasiga katta miqdordagi xorijiy investitsiyalarni jalb etishdan oldin marketing fani imkoniyatlaridan foydalanilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shundan kelib chiqib, go‘sht va go‘sht mahsulotlari iste’molini tarkibiy jihatdan tahlil qilish o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanligini barchamiz yaxshi tushunamiz. Aniq statistik ma’lumotlar yo‘qligi sababli umumiy iste’mol tarkibida qoramol go‘shti 65 foizni va qo‘y go‘shti 35 foizni tashkil etmoqda, deb faraz qilaylik. Belgilangan vazifalardan ko‘rinib turibdiki, investitsion loyihalar amalga oshirilishi natijasida qo‘y va echki go‘shtining hissasi (ulushi) muayyan darajada ko‘payadi. Bunday nisbatni sezilarli darajada o‘zgartirishdan avval sohada chuqur marketing tadqiqotlarini amalga oshirish lozimligi va quyidagi omillar ta’sirini chuqur o‘rganish foydadan xoli emasligini ta’kidlab o‘tmoqchiman:
Birinchidan, ko‘p hududlarda qo‘y go‘shtining narxi qoramol go‘shtiga nisbatan yuqoriligi va natijada aholi to‘lovchanlik qobiliyatining pastroq ekanligi, iqlim sharoiti va mavsumdan qat’iy nazar, uni iste’moliga doir salbiy munosabat shakllanganligi;
Ikkinchidan, respublikaning viloyatlari va hattoki viloyat tarkibidagi tumanlar kesimida go‘sht iste’molida tubdan farq qiladigan an’analar va tanlovlarning mavjudligi. Misol uchun, Samarqand viloyatining tog‘li Urgut tumani aholisi boshqa tumanlarga nisbatan ko‘proq qo‘y go‘shti iste’mol qilish an’anasi tumanning tamaki yetishtirishga ixtisoslashgani natijasida shakllangan;
Uchinchidan, echki junini qayta ishlash imkoniyati yuqori darajada bo‘lishi bilan birga uning go‘shtiga bo‘lgan talabning pastligi. Bunday holat iqtisodiy samaradorlik, jumladan rentabellik darajasi nuqtai nazaridan chuqur tahlilga muhtoj;
To‘rtinchidan, cheklangan ishlab chiqarish resurslari (ekin maydonlari, suv, energiya, qishloq xo‘jalik texnikasi)ning qo‘ychilik va echkichilikni rivojlanish tomonga yo‘naltirilishi yuqori talabga ega bo‘lib turgan mol go‘shti yetishtirishda mavjud ayrim muammolarning yechilmay qolishiga sabab bo‘lishi;
Beshinchidan, qoramol komplekslaridan farqli o‘laroq, echkichilik va qo‘ychilik komplekslarini industrial asosda rivojlantirish uchun mahalliy mutaxassislarning deyarli yo‘qligi, ularni qisqa muddat ichida tayyorlash uchun imkoniyat cheklanganligi;
Oltinchidan, qisqa muddat ichida 1 million boshga yaqin mayda shoxli chorva qaysi mamlakatlardan xarid qilinishida aniqlik kiritish zarurligi. Agar belgilangan vazifalar ichki imkoniyatlarga tayanib amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan bo‘lsa, unda sun’iy tarzda yuqori talabning vujudga kelishi va inflyasion jarayonning qo‘zg‘alishi mumkin (ajiotaj talab) va bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Qo‘ychilik yoki echkichilik komplekslari qaysi viloyatlar va tumanlarda joylashtirishiga qarab chorva turlari tanlab olinishi muhim ahamiyatga ega. Gap shundaki, yaqin kunlarda 350 ming bosh mayda shoxli chorva 50-100 ming oilalarga tarqatilishi lozimligining guvohi bo‘lamiz, nega deganda 2-3 bosh qo‘y boqish ermak hisoblansa, uning miqdorini 5-6 marotaba ko‘paytirish – bu jiddiy biznes hisoblanadi. Shunday ekan, shu paytgacha Qashqadaryo viloyatida (respublikadagi ulushi 20%) boqilgan qo‘ylarning boshqa viloyatlar iqlim sharoitiga moslashishi mutasaddi shaxslardan o‘ta jiddiy yondashuvni, moddiy va moliyaviy talafotlar yuz bermasligi uchun yuqori darajadagi saviya va tashkilotchilikni taqozo etadi.
Yana bir muhim narsa - oxirgi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan investitsion loyihalar samaradorligiga ob’yektiv baho berish, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qiladigan va ular takrorlanmasligini kafolatlaydigan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishdir. Shu yerda tabiiy savol tug‘iladi. Nima sababdan 15 trillion so‘mlik qiymatga ega loyihalarning amalga oshirilishi va chorva sonining 1,2 million boshga ko‘payishi go‘sht importiga yo‘l qo‘ymaslik u yoqda tursin, hattoki ichki bozordagi narxlarni mo‘’tadillashtirishga ham xizmat qila olmadi?
Xulosa sifatida sohani rivojlantirishga doir bir qator takliflarga egaman va ularni amaliyotga joriy etish hukumatning bu safar chorvachilik sohasini rivojlantirishga nechog‘lik jiddiy yondashayotganiga bog‘liq. Quyida men ularning bittasi bilan o‘rtoqlashmoqchiman, xolos.
O‘zbekistonda chorvachilik sohasi o‘ziga xos tomonlarga ega ekanligini, tashkiliy va individual sektorlar o‘rtasida misli ko‘rilmagan darajadagi tafovut mavjudligini, aholining katta qismi ratsional me’yorlar asosida ovqatlanish imkoniyatidan mahrumligini inobatga olib, soha korxonalarini birinchi bosqichda 5 yil muddatga qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etish lozim.
Buni sababi shundaki, soliq rag‘bati qo‘llanilsa, xom ashyo qayta ishlovchi korxonalarga qimmat bo‘lmasdan yetkaziladi, pirovardida esa tayyor go‘sht va sut mahsulotlari aholimizga cho‘ntakbop narxlarda yetib borishi ta’minlanadi. Davlat byudjetidan ajratilayotgan subsidiyalarni chorva uchun ozuqa bazasini yaratishda qatnashayotgan fermer xo‘jaliklariga ajratish lozim.
Hisob-kitoblardan ko‘rinib turibdiki, faqat 13 million bosh qoramolning yil davomida ratsional tarzda oziqlantirilishi bu qo‘shimcha 200 ming tonna go‘sht va 2 million tonna sut yetishtirish, mamlakatimiz ushbu mahsulotlarning importyoridan eksportyoriga aylanishi degani. Aholi tomonidan go‘sht va sut mahsulotlarini sotib olishga qilinayotgan sarf-xarajatlarning 10 foizga pasayishi, bu nafaqat uy-joy va yengil sanoat mahsulotlari xaridiga aholining daromadlarini qo‘shimcha tarzda yo‘naltirilishini, balki o‘n minglab yangi ish o‘rinlari barpo etilishini anglatadi. Ushbu jarayon mohiyatini chuqur anglamasdan, har bir loyihani texnik-iqtisodiy jihatdan chuqur asoslamasdan, chorvadorlar moddiy manfaatdorligini vujudga kelgan vaziyatga moslashtirmasdan turib aholi turmush farovonligini tubdan yaxshilashdek oliy maqsadga erishish amrimahol bo‘lib qolaveradi.
Ilhom Vafoyev,
iqtisodiy tahlilchi.