Nima uchun yosh tadbirkorga Xitoydan uskuna olib kelish qimmatga tushmadi?
Narpay tumanida yashovchi Sarvar Xushiyev yosh, ammo uddaburon tadbirkorlardan. U “Mo‘’jiza” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga rahbarlik qilmoqda.
2019 yilda “Yoshlar - kelajagimiz” jamg‘armasi hisobidan 1,5 milliard so‘m imtiyozli kredit olib, yaxna ichimliklar sexini ishga tushirdi. Korxona uchun Xitoydan keltirilgan uskunalar qimmatga tushmadi. Sababi, Sarvarbek Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutining bank ishi va moliya fakultetini tamomlab, o‘qishining magistratura yo‘nalishini Xitoydagi “Zhejiang Gongshang” universitetining biznes boshqaruv fakultetida davom ettirdi. U yerda o‘qish davomida tajribali tadbirkorlar bilan tanishib, do‘stlar orttirdi. Haligacha xitoylik hamkorlari bilan aloqani uzgani yo‘q. Shuningdek, ular yordamida korxona qoshida ochilgan plastik chiqindilarni qayta ishlash, polietilen paketlar ishlab chiqarish sexlari va temirchilik ustaxonasi uchun zarur uskunalar keltirildi.
Tadbirkor bir yil avval 6 gektarlik maydonda “Mo‘’jiza AGRO GROOP” fermer xo‘jaligini ham tashkil qildi. Bu yerda sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi.
- Bir oyda 250-300 tonna yaxna ichimlik ishlab chiqaramiz, - deydi S.Xushiyev. – Shuningdek, korxonamizda oyiga 20-25 tonna chiqindi qayta ishlanib, 10 tonnasidan polietilen paketlar tayyorlanadi. Qolgan ikkilamchi xomashyoni boshqa korxonalarga yetkazib beramiz. Bugungi kunda korxonada 25 nafar tengdoshim ish bilan ta’minlangan. Shuningdek, fermer xo‘jaligimizda yana 25-30 nafar mavsumiy ishchilar mehnat qiladi. Bu yerda yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash uchun 200 tonnalik muzlatkich omborxonamiz ham mavjud. Kelgusida xo‘jalik yerining 1,5 gektar maydonida issiqxona qurishni rejalashtirganmiz. Natijada yana 20 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Sarvar Xushiyev tumanda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga qo‘lidan kelgancha ko‘mak berib kelyapti. Xitoy davlatida to‘plagan tajribasiga tayanib, tengdoshlariga mahorat darslari o‘tishdan, maslahat berishdan erinmaydi. Uning maqsadi korxona faoliyatini kengaytirish, ko‘plab yangi ish o‘rinlarini yaratish, shogirdlar tayyorlash, mamlakatimizda tadbirkorlar soni ortishiga o‘z hissasini qo‘shishdan iboratdir.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.