Niqob taqmaganlik uchun 1 mln 350 ming so‘m jarima qo‘llanyaptimi? IIB axborot xizmati oydinlik kiritdi
Mavjud qoidalarga ko‘ra, jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurish bo‘yicha qoidabuzarliklar uchun jarima miqdori Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning (MJtK) 54 moddasi bilan belgilanadi. Unga ko‘ra, huquqbuzarlar BHMning 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘m) jarimaga tortilishi ko‘zda tutilgan.
COVID-19’ning yangi shtammi kirib kelishi munosabati bilan karantin qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish bo‘yicha IIV tomonidan belgilangan tartibdagi nazorat choralari, ya’ni fuqarolarni tibbiy niqobda bo‘lishlarini nazorat qilish, savdo va jamoat tadbirlari bo‘ladigan joylarda karantin qoidalariga rioya etishlarini nazorat qilish, tartibbuzarlarni ogohlantirish ishlari olib boriladi.
Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Jahongir Sagdullayevga ko‘ra, ayni kunlarda viloyatda IIB xodimlari tomonidan niqob taqmagan fuqarolarga avvalo tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
“Niqob taqmagan fuqarolarga tegishli qoidalar batafsil tushuntirilgach, rasman ogohlantiriladi. Ammo shundan keyin ham yana aynan o‘sha fuqaro tibbiy niqob taqmagan holda qayd etilsa jarima qo‘llashga majbur bo‘lamiz”, deydi J.Sagdullayev.
Eslatib o‘tamiz, 9 yanvar kuni COVID-19’ga qarshi kurash bo‘yicha maxsus komissiya karantin choralarini kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Barcha tashkilotlarga xodimlarni faqat emlanganidan keyin ish joyiga kiritishga ruxsat beriladi. Davlat organlariga har qanday tadbir o‘tkazish taqiqlanadi. Aholini to‘liq emlash jarayoni jadallashtiriladi.