Nizolarni sudgacha hal etish qanday amalga oshiriladi?

Yurtimizda nizolarni sudgacha hal etishning turli institutlaridan foydalanish bo‘yicha huquqiy mexanizmlar mavjud bo‘lib, ular amaliyotda keng qo‘llanib kelinmoqda. Shu bilan birga, davlat organlarida nizolarni sudgacha ko‘rib chiqishning yagona tizimini yaratish, mediatsiya, hakamlik sudlari hamda xalqaro arbitrajlarni fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor bo‘ladigan nizolarni hal etuvchi samarali muqobil institutlarga aylantirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 17 iyunda imzolangan “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bilan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, nizolarni hal qilishning muqobil imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, sudlarda ish hajmini maqbullashtirishda mediatsiya instituti, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlarning o‘rnini kengaytirish nazarda tutilgan.
Ushbu qaror bilan jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyasiya kengashi to‘g‘risida Nizom tasdiqlangan. Nizomga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) yoxud harakatsizligi natijasida o‘z huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilganligi haqidagi murojaatlari Apellyasiya kengashi tomonidan ko‘rib chiqilish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Apellyasiya kengashi tegishli davlat organi huzurida nizolarni sudgacha hal qilish maqsadida tuziladigan kollegial-maslahat organi hisoblanadi. Apellyasiya kengashi a’zolari o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
Mazkur tartib jismoniy va yuridik shaxslarning bunday ishlar yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat qilish huquqini istisno etmaydi.
Apellyasiya kengashi jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organi o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal etish choralarini ko‘rishni ta’minlaydi. Shu bilan birga, murojaatni ko‘rib chiqishda qonun hujjatida turlicha talqin etilishi mumkin bo‘lgan normalar aniqlangan. U amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilgan taqdirda, ularni belgilangan tartibda rasmiy sharhlashni tashkillashtirish bo‘yicha choralarni ko‘radi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan tavsiyaviy tusga ega bo‘lgan xulosa qabul qiladi. Ushbu xulosa uch kun muddatda davlat organi rahbariga ko‘rib chiqish, boshqa manfaatdor taraflarga ma’lumot uchun yuboriladi.
Xulosani qabul qilib olgan davlat organi rahbari yoki uning o‘rinbosari uni inobatga olishi yoki yozma asoslantirilgan tarzda rad etishi mumkin. Bunda davlat organi rahbari yoki uning o‘rinbosari qabul qilingan qaror to‘g‘risida uch kun muddatda Apellyasiya kengashi va taraflarni yozma yoki elektron tarzda xabardor qiladi.
E.DAVRONOV,
Urgut tumani adliya bo‘limi boshlig‘i.