N.Kulanovning ijro ishi qarzdor nomida mol-mulk bo‘lmagani sabab tamomlangan
Kecha, 17 dekabrda Zarnews.uz saytida Narpay tumanida yashovchi fuqaro Nurmurat Kulanovning “MIBchilarning "futbol"idan charchadim. Qarz berib, undirolmay sarsonman” nomli maqolasi e’lon qilindi.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2020 yil 9 iyuldagi qaroriga ko‘ra, qarzdor A.Sanaqulovadan undiruvchi N.Kulanovning foydasiga jami 23.415.610 so‘m undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Narpay tumani bo‘limi ish yurituviga 2020 yil 29 iyulda kelib tushgan va shu kuni ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 87-moddasiga asosan mutasaddi tashkilotlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qarzdorning shaxsiy egaligida undiruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mulklari (uy-joy, kvartira, boshqa ko‘chmas mulk ob’yektlari, avtomototransport vositalari, qimmatli qog‘ozlar, omonat jamg‘armalari) va boshqa daromadlari qayd qilinmagan.
Qarzdor A.Sanaqulovaning ijro hujjatida ko‘rsatilgan yashash xonadoni bir necha bor xolislar ishtirokida, tegishli tartibda ko‘zdan kechirilgan. Biroq qarzdorning xonadonida yashash ehtiyojidan tashqari undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulklari yo‘qligi aniqlangan.
Shu bilan birga, “MIB–portal” dasturi orqali olingan ma’lumotlarda qarzdor nomida mol-mulklar va pul mablag‘lari mavjud emasligi qayd etilgan.
Amalga oshirilgan ijro harakatlari natijalariga ko‘ra, qarzdor A.Sanaqulovadan undiruvchi N.Kulanovning foydasiga undirilmay qolgan qarzdorlikning undirish imkoniyati bo‘lmaganligi, qarzdorning yashash manzilida va uning shaxsiy egaligida undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulklari mavjud emasligi aniqlangani sabab, mazkur ijro hujjati bo‘yicha ijro ishi yurituvi 2020 yil 28 oktyabrda Qonunning 40-moddasi, 1-qismi, 3-bandiga asosan tamomlangan.
Murojaatni ko‘rib chiqish natijalari haqida muallifga asoslantirilgan javob xati yuborilib, kelgusida mazkur ijro hujjatini Qonunning 27-moddasida belgilangan muddat doirasida qaytadan ijroga taqdim etish xuquqi borligi tushuntirildi.
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.