Nodavlat notijorat tashkilotlari – saylov jarayonidagi muhim jamoatchilik nazorati sub’yekti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadigan kun — 24 oktyabr sanasi ham tobora yaqinlashmoqda.
Demokratik saylovlarni fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlarning ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ular saylovlarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi.
Qonun hujjatlariga asosan, mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining saylovlarda faol ishtiroki bo‘yicha yetarli huquqiy asos va imkoniyatlar yaratilgan. Ushbu imkoniyatlarni bilish va ulardan keng foydalanish, nafaqat saylovlarning demokratik ruhda o‘tishiga, balki mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga ham turtki bo‘ladi.
Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlari xalqaro normalar hamda demokratik prinsiplarga to‘la javob beradigan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi asosida amalga oshirilmoqda. Unda xalqaro norma va standartlarga mos ravishda nodavlat notijorat tashkilotlar va jamoat birlashmalarining saylovlardagi ishtiroki aniq belgilab berilgan.
Jumladan, Markaziy saylov komissiyasining majlislariga jamoat birlashmalari va tashkilotlarning vakillari ham taklif etiladi. Jamoat birlashmalari o‘z a’zolarining xohish-irodalarini erkin bildirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishlarida ishtirok etishini saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligi sifatida e’tirof etish mumkin.
Shu bilan birga, uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar ham fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilishini davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarning saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishdagi o‘zaro manfaatli hamkorligiga misol sifatida aytish mumkin.
Mazkur kodeksga asosan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin. Bugun mamlakatimizda demokratik institut sifatida shakllangan mahalla instituti vakillari muddatidan oldin ovoz berish, ovoz berish kuni saylov uchastkasining ochilish va saylov natijalarini aniqlash va e’lon qilish jarayonlarini kuzatib borishi mumkinligi milliy demokratik institutning o‘rnini yanada oshiradi.
Shuningdek, NNTlar saylovoldi tashviqot ishlarida, ovoz berish, saylov natijalarini hisoblashda bevosita ishtirok etish huquqi orqali saylov jarayonining har bir bosqichida samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Shu sababli, mamlakatimizda saylov jarayonlarini oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik prinsiplarini amalga oshirishda NNTlar eng muhim o‘rin egallaydi. NNTlar o‘z faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshirib, saylov uchastkasida ushbu kodeksning talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qilish lozim hisoblanadi.
Shuningdek, kodeksga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga davlat organlari qatori fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham jalb etilishi jamoatchilik nazorati sifatida jamoat birlashmalari a’zolarining manfaatlari va ehtiyojlarini aks ettirishga asos bo‘ladi.
Yuqoridagilarning barchasi nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan saylov jarayonlari ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati va saylovlarda faol ishtirok etishi orqali mamlakatimizda davlat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralikni yanada mustahkamlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
F.Rahmatov,
xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bosh mutaxassisi.