Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus bog‘chalar bor(mi?)
Tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalar ham sog‘lomlar qatori ta’lim-tarbiya olishga haqli. Samarqand viloyatida 3 ta ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti ana shunday jajjilarga xizmat ko‘rsatib kelyapti. Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi press-turda jurnalistlar mazkur bog‘chalar faoliyati bilan tanishdi.
- Bugun Samarqand shahrida 2 ta, Kattaqo‘rg‘onda 1 ta ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat olib boryapti, - deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi mutaxassisi Rayhona Asrorova. – Ularda 250 nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan bolajonlar tarbiyalanadi. Shu paytga qadar viloyatimizda bunday bog‘chalar soni 5 ta edi. Yaqinda 2 tasining faoliyati tugatildi. Bunga sabab, keyingi paytlarda nogironligi bo‘lgan bolalar soni kamayganligidir. Ammo afsuski, kam bo‘lsa-da, nuqson bilan tug‘ilayotgan bolalar bor. Ularning aksariyati qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oqibatida dunyoga kelyapti.
Press-turning birinchi manzili Samarqand shahridagi 78-ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Bu yerda tarbiyalanuvchilar uchun yetarlicha sharoitlar yaratilgan. Nogironligi bo‘lgan bolalar bilan ishlash, ularni sog‘lomlashtirish, ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish bog‘chada faoliyat olib borayotgan mutaxassislar uchun oson emas.
- Shu sohada faoliyat olib borayotganimga 20 yil bo‘ldi, - deydi surdo-pedagog Zumrad Hasanova. – To‘g‘ri, bu ish o‘ziga yarasha mashaqqatli va mas’uliyatli. Zaif eshituvchi bolalar bilan ishlayman. Masalan, bir bolaga chuqur til orqa undoshlari – q, g‘, x tovushlarini o‘rgatish uchun yillab vaqt sarflanadi.
Shundan so‘ng jurnalistlar shahardagi 60-ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini ko‘zdan kechirishdi. Bu yerda 12 guruhda 101 nafar bola tarbiyalanar ekan.
- Bog‘chamiz tarbiyalanuvchilari orasida yurish u yoqda tursin, hatto o‘tirolmaydigan bolalar ham ko‘pchilikni tashkil etadi, - deydi hamshira Dilnoza Rashidova. – Bu yerda ishlaydigan biz, tibbiyot xodimlari ularni sog‘lomlashtirish uchun mashg‘ulotlar olib boryapmiz. Birgina uqalash muolajasi orqali ham sog‘lom hayotga qaytgan bolalarning borligi bizni quvontiradi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).