Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ishga olgan korxonalarga davlat tomonidan subsidiya beriladi
Bu haqda davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, 1 iyundan boshlab urush qatnashchilari va nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalarga har oyda oziq-ovqat va gigiyena vositalari xaridi uchun ularning pensiya va nafaqalariga 270 ming so‘m miqdorida ustama tayinlanadi.
Bundan tashqari, ularga kiyim-kechak xaridi uchun har yili 4 million so‘mdan kompensatsiya to‘lash tartibini joriy etiladi.
Bunga qo‘shimcha ravishda, viloyat, tuman va shahar hokimlariga mahalliy byudjetlar, “daftarlar” jamg‘armalari va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bu savobli ishlarning qamrovini kengaytirish topshirildi.
Prezident nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada kengaytirilishini ta’kidladi. Jumladan:
- 1 maydan boshlab nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ishga olgan korxonalarga 6 oy davomida har bir bunday xodimi uchun 400 ming so‘mdan subsidiya beriladi;
- o‘zini o‘zi band qilgan va hunarmandchilik bilan shug‘ullanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiya ajratiladi, ular kasb-hunarlarga davlat hisobidan o‘qitiladi.