Nomi bor, biroq xaritada yo‘q davlatlar haqida eshitganmisiz?

- Zamonaviy dunyoda juda ko‘p davlatlar haqida eshitganmiz, biroq ularni birorta xaritada topolmaysiz. 1967 yil 2 sentyabrda britaniyalik iste’fodagi mayor Roy Beyts Shimoliy muz okeanida joylashgan dengiz platformasini Silend knyazligi deb e’lon qildi. O‘zini esa knyaz Roy I Beyt, xotinini knyaginya Ioanna I deb nomladi. Uning hech kim tomonidan tan olinmagan mitti davlati bor-yo‘g‘i 0,004 kvadrat kilometrni tashkil etsa-da, o‘zining konstitutsiyasi, madhiyasi, gerbi, shaxsiy markasiga va hatto silend dollariga ham ega edi.

- Qachonlardir Italiyaning Seborg qishlog‘i mustaqil feodal knyazligi bo‘lgan. Biroq ular 1729 yilga kelib mustaqilligini yo‘qotishgan. 1963 yilga kelib Seborg qishlog‘i ahli to‘satdan o‘z davlatini Italiya tarkibiga rasmiy tarzda kirmaganligi haqida eslab qolishdi va yana o‘z mustaqilligini e’lon qilishdi. Italiya hukumati bu e’tirozga ahamiyat qaratmagan bo‘lsa-da, Seborgga keluvchi sayyohlar soni oshib bormoqda.

- Yozuvchi Ernest Xemingueyning nomi dunyoga mashhur. Uning kichik ukasi Leychester haqida esa kamdan kam odam eshitgan. Ammo, u Yangi Atlantida davlatining asoschisi hisoblanadi. Mazkur davlat Karib dengizida Yamaykadan olti mil uzoqlikda joylashgan. Leychester Xeminguey 1964 yilda mazkur orol mustaqil davlat, o‘zini esa tabiiyki, shu mamlakatning prezidenti deb e’lon qildi. Hatto L.Xeminguyey Yangi Atlantida markalarini AQSh prezidentiga sovg‘a sifatida jo‘natdi. Birozdan so‘ng «Yangi Atlantida prezidentiga» nomlangan javob xatini olgach, Leychester juda faxrlanib ketdi.

- Litva poytaxti Vilnyus shahrining eski kvartallarida Ujupis davlati joylashgan. Uni 1997 yilda mahalliy madaniyat arboblari tashkil etishgan. U qadar katta hududga va tan olingan statusga ega bo‘lmasa-da, 12 kishidan iborat armiyasi bor. Shuningdek, bir qator davlatlarda o‘z elchisiga, madhiya va puliga ega. Ujupis aholisi har yili 1 aprel kuni o‘z mustaqilligini nishonlashadi.

- Kugelmugel davlati bor-yo‘g‘i 7,68 kvadrat metr hududdan iborat bo‘lib, Avstriyadagi bir binoning ichida joylashgan. Hammasi mahalliy hukumatning rassom Edvin Lipburgerga dumaloq formadagi imorat qurish uchun bergan arizasiga berilgan rad javobidan boshlandi. Chunki Alp tog‘lari yonida joylashgan mazkur mamlakat qurilish kodeksida bunaqa formadagi uyni qurishga ruxsat berilmagan ekan. Shundan so‘ng darg‘azab rassom mazkur uyni mustaqil Kugelmugel Respublikasi deb e’lon qildi. Uning mitta davlati Avstriya xazinasiga soliq to‘lashdan ham bosh tortdi. Buning uchun uni panjara ortiga tashlashlariga sal qoldi. Uni hamkasbi, Avstriya prezidentining o‘zi shaxsan aralashgandan so‘nggina qo‘yib yuborishdi. 

- Antarktika dunyoning birorta davlati hududiga kirmaydi. Biroq xohlagan davlat bu yerda o‘z ilmiy tadqiqotlarini olib borishlari mumkin. Ammo, qit’a hududini ko‘plab virtual mamlakatlar qoplab olgan. Ilk virtul davlat 2001 yilning noyabrida paydo bo‘ldi. Butunarktika buyuk gersogligiga Trevis MakGenri asos solgan. Biroz vaqtdan so‘ng butun hudud davlatlarga to‘lib ketdi. Jumladan, Antarktika Federativ shtatlari, Meri Respublikasi, Fininsmund qirolligi va boshqalar. 2008 yilga kelib hatto Antarktika mikrodavlatlar ittifoqi ham tashkil etildi. Ana shunday tan olinmagan davlatlardan birining xo‘jayini, taniqli rus xazina izlovchisi  Yuriy Xarchukdir. U o‘zining Rus xazina izlovchilar knyazligini 2002 yilning mart oyida e’lon qildi. Bu virtual davlat hududida joylashgan Rossiyaning "Mir" stansiyasi va unga tutash G‘alaba oroli va Drigalskiy yerlari knyazga bo‘ysunmaydi.

- Yer yuzining odam yashamaydigan qismini virtual davlatlar egallab olgach, osmondagi Oyning peshonasiga ham xuddi shunday taqdir yozilgan ekan. AQShlik Dennis Xoup 1980 yilda Oyni qo‘lga kiritishga harakat qildi. Amerika qonunlariga binoan, hech kimniki bo‘lmagan yerlar uni birinchi bo‘lib egallagan odamga berilar ekan. Ammo, Xoup Oyni «qo‘lga kiritgach», undagi hududlarni bo‘lib-bo‘lib arzon narxlarda sota boshladi. Unga 99 dollar to‘lagan inson Oydan butun boshli 72 gektar hududga ega chiqishi mumkin.

Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.