Nomoddiy madaniy merosni asrash kimning vazifasi?

Nomoddiy madaniy meros tushunchasi urf-odatlarni, o‘ziga xoslikni ifodalash shakllari, bilimlar va ko‘nikmalarni, shuningdek, ular bilan bog‘liq jihozlar, predmetlar, artefaktlar va madaniy makonlarni aks ettiradi, ular esa o‘z navbatida hamjamiyatlar, guruhlar tomonidan, alohida holatlarda esa muayyan shaxs madaniy merosining bir qismi sifatida tan olinganligini anglatadi.
Avloddan avlodga o‘tib kelayotgan bunday nomoddiy madaniy meros doimo muayyan hamjamiyatlar va guruhlar tomonidan ularning atrof-muhitga, tabiatga va o‘z tarixiga bog‘liq holda yaratiladi va bu ularda o‘ziga xoslikni, vorislik tuyg‘usini shakllantiradi hamda shu bilan insoniyat ijodini va madaniy turli-tumanlikning hurmat qilinishiga ko‘maklashadi.
Barhayot va o‘lmas mezonlar jahon hamjamiyati tomonidan munosib e’tirof etilmoqda. “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Konvensiya (2003 yil) talablariga muvofiq, ko‘plab xalqlarning madaniy rang-barangligi va an’analarini o‘zida aks ettirgan qadriyat YuNESKO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritib borilmoqda.
YuNESKOning Butunjahon merosi katalogi yoki ensiklopediyasi (World Heritage) – tabiat yoki inson tomonidan yaratilgan alohida madaniy, tarixiy va ekologik ahamiyatga molik ob’yektlar jamlamasi bo‘lib, ularni asrab-avaylash, ommalashtirish va kelajak avlodlarga yetkazishni maqsad qiladi.
2021 yil holatiga ko‘ra, Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga 1154 ta ob’yekt kiritilgan bo‘lib, ularning 897 tasi madaniy, 218 tasi tabiat, 39 tasi aralash ob’yektlardir. Bu ob’yektlar YuNESKOning Butunjahon madaniy va tabiat merosini muhofaza qilish Konvensiyasini ratifikatsiya qilgan 193 mamlakat hududida joylashgan.
Bu noyob va nodir ob’yektlarning har birini puxta o‘rganish, ular haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, o‘zbek tiliga tarjima qilib, rangli fotosuratlari bilan jamlagan holda vazirlik va idoralar mas’ullariga, madaniyat, san’at va tarix ixtisosligidagi oliy o‘quv yurtlariga, ilmiy-tadqiqot muassasalariga, umuman keng xalq ommasiga taqdim etish dolzarb bo‘lib turmoqda.
Ayniqsa, ko‘plab tushunmovchiliklar va masalani chuqur anglamaslik oqibatida 2000 yilda YuNESKOning 885-raqami bilan ro‘yxatga kiritilgan Shahrisabz shahrining tarixiy markaziga e’tiborsiz munosabatda bo‘lingani, qadimiy va tarixiy ob’yekt atrofidagi binolar vayronkor buzilgani, yaqinida baland mehmonxonalar, turar-joylar qurilgani tufayli 2016 yilda Xavf ostida qolgan Butunjahon madaniy merosiga ro‘yxatiga kiritilgani (List of World Heritage Sites in danger) xalqaro miqyosda nomunosib ish bo‘ldi.
YuNESKOning Butunjahon merosi katalogi yoki ensiklopediyasining o‘zbek tilidagi nashrining tayyorlanishi ob’yektlarni chuqur o‘rganish asnosida O‘zbekistonda YuNESKOning ushbu ro‘yxatiga kiruvchi ob’yektlar sonini keskin oshirish imkonini beradi, natijada jahonning eng ilg‘or va boy tajribasini yurtimizga faol tatbiq etishimiz, sayyohlik salohiyatimizni keng targ‘ib etishimiz mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, moddiy madaniy meros ob’yektlarini aniqlash, muhofaza qilish va ular ustidan davlat nazoratini amalga oshirish ishiga ko‘maklashadi.
Ushbu fundamental tadqiqot natijasida kelgusida tizimdagi va umuman, respublikadagi sohaga oid mutasaddi xodimlarni qisqa kurslarda o‘qitish imkoniyatini beruvchi, oliy o‘quv yurtlarida alohida fan sifatida tahsil berish uchun keng ilmiy baza yaratiladi.
Sohada yuzaga kelayotgan tizimli muammolar bo‘yicha xalqaro maydonda, turli anjuman va konferensiyalarda O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini faol himoya qilish, tajriba almashish maqsadida bunday ob’yektlari ko‘p bo‘lgan davlatlarga (Italiya – 58, Xitoy – 56, Germaniya – 51, Ispaniya – 49, Fransiya – 49, Hindiston – 40, Meksika – 35, Buyuk Britaniya – 34, Rossiya – 31, Eron – 26) xizmat safarlari uyushtirish uchun katta ilmiy-amaliy asosnoma bo‘lib xizmat qiladi. Qolaversa, 1972 yil 16 noyabrda imzolangan “Butunjahon madaniy va tabiat merosini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiya”ning 50 yilligi munosabati bilan mamlakat bo‘yicha keng ko‘lamli haftalik o‘tkazish va uni OAVda keng yoritish uchun katta tayyorgarlik chorasi hisoblanadi.
Mazkur fundamental tadqiqot ishi kamida bir yilga mo‘ljallangan bo‘lib, kamida 3 nafar xodimni (muallif, ekpertlik rahbari, to‘plovchi-muharrirni) talab qiladi.
Bu maqsadga ijtimoiy buyurtma sifatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat jamg‘armasi, Oliy Majlis fondi mablag‘idan tashqari, BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari va boshqa xalqaro fondlar mablag‘larini jalb etish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bunday xayrli harakatlarni amalga oshirish xalqimizning nomoddiy madaniy merosini keng targ‘ib qilish va uni kelajay avlodlarga yetkazish imkonini beradi.
Gulnora Xudoyberdiyeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.