Nomzodlar birgalikda uchrashuv o‘tkazishi mumkin

Shu kunlarda yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, ularning ishonchli vakillari va siyosiy partiyalar tomonidan saylovoldi tashviqoti olib borilmoqda.

Saylovolda tashviqoti turli shakl va usullarda olib borilishi mumkin. Ya’ni:

- siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni o‘zining deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni nomzodni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;

- nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish.

Tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

Shuningdek, bu jarayonda ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish, bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish imkoniyati mavjud.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish ham tashviqotning keng tarqalgan usuli hisoblanadi.

Uchrashuvlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarni o‘tkazish joyi va vaqti haqida okrug yoki uchastka komissiyasiga ma’lum qilinadi.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilish joyi va vaqti haqida tegishli tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkaziladi. Bunda ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchrashuvlar o‘tkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratishi, zarur ma’lumot va axborot materiallarini olishda yordam ko‘rsatishi shart.

Nomzod yoki uning ishonchli vakili boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.

Otabek TOShNIYoZOV,

7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari.