Samarqand shahrida noqonuniy faoliyat yuritayotgan “tadbirkorlar” faoliyatiga chek qo‘yildi

Tadbirkorlar nafaqat o‘zining iqtisodiy ahvolini, balki mamlakat byudjetini to‘ldirishda ham muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Mamlakat byudjetining mustahkamligi esa xalq farovonligini ta’minlaydi. Afsuski, noqonuniy tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, mo‘maygina daromad qilmoqchi bo‘lgan “tadbirkorlar” uchrab turibdi.

Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan sentyabr-oktyabr oylarida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar faoliyatiga chek qo‘yilmoqda.

Jumladan, Ya.Afzaliy ko‘chasi, 29-uyda yashovchi fuqaro D.A.ning hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy ravishda savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi aniqlandi. Sotuvda mavjud bo‘lgan 16 turdagi, umumiy qiymati 80,9 million so‘mlik ayollar kiyimlari daliliy ashyo sifatida olindi.

Fuqaro Z.G‘. esa go‘yo shahar bedarvozadek, “Muso Xonkeldi savdo kompleksi” MChJ hududida hech qanday hujjatlarsiz savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Profilaktik tadbir davomida 11 turdagi, umumiy qiymati 76 million 565 ming so‘mlik ayollar kiyim-kechaklari daliliy ashyo sifatida olindi.

Samarqand shahri Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 28-uyda joylashgan savdo do‘konida Vazirlar Mahkamasining 850-sonli qarori talablari buzilganligi aniqlandi. Do‘konda mavjud bo‘lgan 12 turdagi, umumiy qiymati 30 million 76 ming so‘mlik (314 quti  tamaki va boshqa) mahsulotlar daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Viloyatdagi har bir shahar va tumanda soliq organi xodimlari tomonidan doimiy ravishda profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish borasida targ‘ibot tadbirlari davom ettirilmoqda.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.