Noshukur kim? Noshukurlik nima?

Tan olingan qusurlar

«Shukr» so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, qanoat ma’nosini beradi. «Shukur» esa uning ko‘pligini ifodalaydi. Shukr qilish shukrona – rahmat aytishga olib keladi. Buni shukronalik holati ham deymiz. Darvoqe, xalqda «Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr  qil» degan naql ham bor.

Xo‘sh, biz nimaga shukr qilishimiz kerak o‘zi?

Sulaymon Boqirg‘oniy (Hakim ota) «Xudo bergan ne’matlarga shukr qilgin», deb yozadi. Ogahiyda esa shunday bayt bor:

Kishida lozim erur har na holda shukr,

Xoh kamolda bo‘lsin, xoh zavolda shukr.

Mana bu gapni esa Suqrot aytib ketgan: «Ne’mat va davlatingiz bor paytda shukr bajo keltirib, boshingizga qiyinchilik tushgan vaqtda sabrni o‘zingizga yo‘ldosh qiling. Sabr har bir yengillikning ochqichi bo‘lib, ne’matga shukr qilish davlat va osoyishtalikning ko‘payishiga sabab bo‘ladi».

Bilaman, bu ishtibohlar mazmuni bugun ko‘pchilikka yoqmaydi. Chunki davr evrilishlari, ming afsuski, bizning shuurimizni allomalarning hayot haqiqatiga aylangan tushunchalaridan, hikmatlaridan sal uzoqlashtirib qo‘ydi. Ayniqsa, mentalitetimizdagi sodir bo‘lgan, lekin o‘zimiz tan olmay kelgan bo‘shliqlar pandemiya sharoitida oshkor bo‘lib qoldi. Oldindan aytib qo‘yay, aslida biz bu qusurlarimizning tan olinganini Sh.Mirziyoyev prezidentlikka kirishgan kunlaridanoq mamlakatda boshlagan shiddatli islohotlarining ruhidanoq sezgan edik. To‘g‘risi, bunday evrilishni kutib yashayotgandik. Shuning uchun bu o‘zgarishlarni o‘shandayoq ishtiyoq bilan qabul qildik va hozirda ham ana shu zavqu shijoat sururi bilan yashayapmiz.

  Xudo bergan me’yor

Xo‘sh, o‘zi biz nimaga shukr qilishimiz kerak? Xudo bergan ne’matlar nedir?

Birinchisi - tirikligimiz, har tong nafas olib ko‘z ochishimiz.

Ikkinchisi - faqat insongagina berilgan til, ko‘zu quloq va aqlimiz.

Uchinchisi - Vatanimiz.

To‘rtinchisi – oilamiz, ota-onamiz.

Beshinchisi – yashashimiz uchun yaratilgan tabiiy ne’matlar.

Oltinchisi – toza osmonimiz, tinch hayotimiz.

Shukr qilish qalbimizda qanday kechyapti o‘zi? Yo‘q, shukr qilish ayrimlar o‘ylaganidek, «Bersang – yeyman, ursang – o‘laman» degani emas. Shukr qilish, eng avvalo, Xudo bergan me’yor asosida yasha, haddingdan oshma, deganidir. Sen shundan ortiqcha inoyatga munosibmisan yoki berilgani bilan kifoyalanasanmi, o‘ylab ko‘r, bir xulosaga kelgach, yana ehtiyojingga yarasha talab qil, degani.

Shukr qil degani, senga berilgan inoyatu ne’matlarni avvalo o‘zingga qabul qila bil, degani. Qabul qilish esa Xudo senga aql, til, ko‘z, quloq bergan, ularni ishlatib, yashab ko‘r, atrofni kuzat, odamlarni o‘rgan, ulardan ibrat ol, savob ishlarga qo‘l ur, ana o‘shandan keyin o‘zingga yana nima kerakligini o‘ylab ko‘r, Xudo bergan yana bir inoyat – aql va fikr bilan mulohaza yurit, hayotingdagi muammolarga yechim top, bu yechimni qanday hal qilishni o‘rgan, degani.

Millat, yosh, jins tanlamas illat

Har bir inson davlatdan, jamiyatdan domongir bo‘lib, ozgina yetishmovchiligi uchun ayyuhannos solayotganida ana shu haqiqatni anglamasa, anglashni istamasa, u NOShUKUR hisoblanadi.

Noshukurlik ehtiyoj ko‘pligidan, nafs kuchliligidan, farosat yetishmovchiligidan, bilimsizlikdan kelib chiqadigan illat. Uning boshqa ildizi yo‘q. Noshukurlik nafs bilan bog‘liq bo‘lgani uchun u jamiyatga katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Fikrimizning isboti uchun hayotimizdan ayrim misollarni sizlar bilan baham ko‘rmoqchiman. 

Uni tuman hokimligidan viloyat hokimiga o‘rinbosar qilib qo‘yishdi. Bu – ishonch. Bu – Xudoning inoyati, to‘g‘rimi? Ammo u noshukurlik qildi. Aslida moyilligi borligi uchun ham yelkasidagi shaytonning gapiga kirdi. Odamlar bilmaydi, deb qurilishdagi betartib tizim holatidan manfaati yo‘lida foydalandi. Avvalo pul yig‘di, yetmaganiga urug‘-aymog‘i nomiga uylar qurib tashladi, tenderni «bozor»ga aylantirdi. Vaholanki, bu ishni hamma ko‘rib, bilib turardi. Yo‘q, puli yordam bermadi, baribir ishdan ketdi. Qancha odamning qarg‘ishini oldi. Baribir, aybini tushunib yetmadi, shahardagi uylaridan hech bo‘lmasa bittasini birorta yetimga berganida, aybi biroz yengillasharmidi. U bunday qilmadi, hammasini sotdi. Yursayam mayli, haliyam o‘zini oppoq ko‘rsatib yuribdi.

Noshukurning rahbarlikda yurishi jamiyatga qanchalik zarar keltirishini davlatimiz rahbarining pandemiya sharoitida kambag‘al oilalarga ajratilgan mablag‘ga ko‘z olaytirganlarga kuyinib aytgan gaplaridan anglab olish mumkin. Bundan hammamiz xabardor bo‘ldik.

Yosh yigit prokuraturaga tergovchi bo‘ldi. Bu – omad, ishonch. Endi u tajriba o‘rganib, halol ishlashi, o‘sishi kerak, to‘g‘rimi, ya’ni shukrona keltirishi kerak. Ammo u birinchi tergovdayoq noshudligini bildirib qo‘ydi. Otasi tengi ishbilarmonga ta’ma qildi. Bunda nazoratning yo‘qligi unga yo‘l berdi. To‘g‘ri, u hali qo‘lga tushgan emas, chunki ustida mundiri, yelkasida pogoni, maxsus ishxonasi bor. Ammo baribir, noshukurlik uni bugun bo‘lmasa ertaga badnom qiladi. Negaki, tadbirkorga «Mening otam prokurorga shofyor bo‘lib ishlagan, pul evaziga o‘qitib, meni ishga qo‘ygan, o‘sha pulni chiqarishim kerak» degan gapini boshqaga aytmaydi, deysizmi?

Uchinchi misol qo‘shrabotlik Aminjon aka haqida. U 70 yoshda hozir. Keksayganda ikki oiladan ham ajrashgan, yuragi xasta. Bola-chaqasi ham tashlab ketgan. Har hafta Prezident portaliyu boshqa tashkilotlarga yordam so‘rab ariza yozgani-yozgan. Surishtirdim, vaqtida qurilish institutida nomiga sirtdan o‘qigan akaxon «osmon ochiq paytda» vino do‘koni ochib, savdoga o‘tib ketgan. Ikkita oila qilgan, davlatga bir so‘m ham soliq to‘lamagan. Ichkilik oqibatida o‘zini yo‘qotgan. Na bolalarni o‘qitgan, na ro‘zg‘orga qaragan. Endi esa… davlatga da’vo qilyapti. Bu – noshukurlik oqibati emasmi?

Eh-he, eri, bolalari qaynota-qaynona, ota-onasini ovora qilib, besh marta erga tegib, xorijda turli qiliqlar qilib qaytgan ayrim yuzsiz ayollarning davlatdan uy so‘rab turganiga nima deysiz?

Demoqchimanki, noshukurlik millat, yosh, jins tanlamaydi. Shayton uning eng yaqin ulfati.

El boshiga tashvish tushganda...

Shu o‘rinda pandemiya sharoitida hammamiz sezib qolgan va ko‘pchilikning qahriga (!) uchragan, qadriyatlarimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan bir holatni aytib o‘tmoqchiman.

Dorixonalar, ochig‘i, keyingi davrda oziq-ovqat do‘koniga o‘xshab qoldi. Bu soha egalari (xususiy dorixonalarni aytyapman) karantindan oldin ham qurilishdan keyingi daromadli odamlarga aylanib ulgurishgandi. Haloli bo‘lsin!

Pandemiya ularning tegirmoniga suv quydi, lekin ular kechayu kunduz oqib kelayotgan qo‘shimcha daromadga qoniqishmadi, bu ishga do‘xtirlaru sanitariya xodimlarini ham «jalb» etdi. Yashirib nima qilamiz, eski dorilarni ham pullashdi, narx-navoni bilgancha qo‘yishdi. Tag‘in yashirincha qilishdi. Bu ishni ko‘rib turdik, lekin hali fosh qilganimiz yo‘q. Hatto ayrim dorixona rahbarlari bilan gaplashish qiyin bo‘lib qoldi. Aytingchi, el boshiga tashvish tushganda, shundoq ham kelib turgan daromadga shukr qilmaslik noshukurlik emasmi?

Davlat shukri borni ulug‘lashi, qadrlashi kerak

Noshukurlik tasodifan paydo bo‘ladigan holat emas, shuning uchun fe’limizdan birdaniga ketib qolmaydi. Negaki, shukur qilmagan, ehtiyojidan imkoniyatidan ortiq imtiyoz, shon-shuhrat talab qilish odamga baribir yoqimli tuyulaveradi. Ayniqsa, bir-ikki talabi amalga oshib qolsa, ko‘zini shira bosadi. O‘zini haq sezadi. Har bir nojo‘ya harakatini oqlashga tushadi. Bu yo‘lda hech narsadan uyalmaydi. Ana shunisi yomon.

Noshukurlikni bartaraf etishning yo‘li bitta: u ham bo‘lsa, davlat ham, jamoatchilik ham shukronasi bor insonlarni ulug‘lashi, qadrlashi kerak. Noshukurlarning xatti-harakatini doimo fosh qilib, elga aytib turish kerak, toki nafaqat jamoatchilik, ularning oila a’zolari ham harom luqma yomon ekanini bilib qo‘ysin.

Noshukurlikning eng yomon ko‘rinishi – bu yaxshimi-yomonmi ishlab, yashab, pensiyaga chiqib, har davrada o‘z «mehnatini» pesh qilish, zamonadan, hayotimizda kamchilik qidirib, davralarda safsata sotishdir.

Insoniyat bilan birga paydo bo‘lgan bu illatni xalqimiz qadim-qadimlardan qoralab kelgan. Noshukur bandalar hech qachon taskin bilan yashamagan. Bunday kimsalar hatto o‘ziga ko‘rsatilayotgan muruvvatdan ham qandaydir kamchilik topmoqchi bo‘lishadi.

Ba’zan kundan kunga taraqqiy etayotgan, oldinga ketayotgan hayotimizga qarab o‘ylanib qolaman: aytingchi, keyingi besh yil ichida qaysi sohaga islohot kirib bormadi? Deyarli hamma sohada navbati bilan o‘zgarish bo‘lyapti.

Qayerdaki jiddiy muammo tug‘ilsa, davlat rahbari har kuni, har lahza tahlil qilib, shaxsan o‘zi bu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma beryapti. Chunki yillar davomida yig‘ilgan va pandemiya sharoitida ko‘pchib chiqqan muammolarni bir lahzada bartaraf etish mushkul. Mana shunday paytda yaratilayotgan sharoitlardan foydalanib, o‘z hayotimizni yaxshilash uchun bizdan ham harakat bo‘lishi shukrona emasmi?

To‘g‘ri, mamlakatimizda aholining murojaat qilishiga katta imkoniyat yaratildi. Ammo bu xayolga duch kelganini, ko‘ngil ehtiyojining hammasini talab qilish mumkin, degani emas-ku. Qo‘shni qishloqda maktab qurilyaptimi, demak, kelasi yil bizda ham quriladi, deb o‘ylash, shukr qilish o‘rniga, nega bizda qurilmayapti, deb ayyuhannos solayotganlar noshukur emasmi? Axir har bir maktab, bolalar bog‘chasi, shifoxona qurilishi uchun ko‘rsatmagina emas, balki mablag‘ kerakligini tushunib yetish ham shukrona emasmi?

Noshukur ko‘zga tez tashlanadigan shaxs bo‘ladi. Undan o‘zni chetga olmaylik, unga yaxshi yashashda ibrat ko‘rsataylik, unga dashnom berishni o‘rganaylik. Eng muhimi, har birimiz ShUKR qilishga odatlanaylik, azizlar!

Farmon Toshev.