Notarial harakatni to‘xtatib turish mumkinmi?

“Notariat to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan notarial harakatlarni amalga oshirish va ushbu notarial harakatlarni to‘xtatib turish muddatlari quyidagicha amalga oshiriladi. Bunda notarial harakatlar haq to‘langanidan so‘ng zarur bo‘lgan barcha hujjatlar taqdim etilgan kuni amalga oshiriladi.

Notarial harakatni amalga oshirish qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilib olish yoki hujjatlarni ekspertizaga yuborish zarur bo‘lganida kechiktirilishi mumkin.

Notarial harakatlarni amalga oshirish, basharti qonunga binoan manfaatdor shaxslardan ushbu harakatlarni amalga oshirishga e’tiroz bor-yo‘qligini so‘rash zarur bo‘lganda, kechiktirilishi mumkin. Notarial harakatni amalga oshirishni kechiktirish muddati bir oydan oshmasligi lozim. Notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan shaxsning talabiga ko‘ra unga notarial harakatni amalga oshirishni kechiktirish haqidagi qaror beriladi.

Manfaatdor shaxs tasdiqlashni so‘rayotgan huquq yoki fakt ustida da’volashish uchun sudga murojaat qilish istagidagi boshqa manfaatdor shaxsning arizasiga ko‘ra notarial harakatni amalga oshirish bir marotaba, ko‘pi bilan o‘n kun muddatga kechiktirilishi mumkin. Agar bu muddat ichida ariza tushganligi haqida suddan ma’lumot olinmasa, notarial harakat amalga oshirilishi lozim.

Bir manfaatdor shaxs tasdiqlashni so‘rayotgan huquq yoki fakt ustida da’volashayotgan boshqa manfaatdor shaxsdan ariza tushganligi to‘g‘risida suddan ma’lumot olingan taqdirda notarial harakatni amalga oshirish mazkur ish sudda hal bo‘lguniga qadar to‘xtatib turiladi.

Qonun hujjatlarida notarial harakatlarni amalga oshirishni kechiktirish va to‘xtatib turishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.

Rustam QURBONOV,

Samarqand shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius.