Nurmat Atabekov: O‘zbekistonda “omikron” aniqlangani yo‘q, biroq xotirjamlikka berilish yaramaydi

Dunyo bo‘ylab koronavirusning “omikron” shtammi tez sur’atda tarqalmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, yangi mutatsiya allaqachon jahonning 126 ta mamlakatida qayd etilgan. Ayniqsa, kuni kecha Qozog‘istonda ushbu shtammni yuqtirgan ilk bemorlar ro‘yxatga olingani xavotirli holdir.

Albatta, istaymizmi-yo‘qmi, "omikron"ning yurtimizga kirib kelish ehtimoli yo‘q emas. Mamlakatimiz tibbiyot tizimi bunga qanchalik tayyor?

Bu borada Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Atabekov o‘z fikr va xulosalarini bildirdi:

- Shu paytgacha, yurtimizda koronavirusning bir necha turi qayd etilgan va kasallanish ko‘rsatkichlari yilning ma’lum davrida ko‘tarilib, qaysidir paytda pasayib borgan.

Aytish lozimki, o‘tgan davr ichida mamlakatimizda virusning tarqalish tendensiyasini pasaytirish, emlash tadbirlarini tashkil etish, bemorlarni davolash bo‘yicha tibbiyot xodimlarimiz katta tajriba to‘pladi.

Shu ma’noda “omikron”dan sog‘ayish muddati qisqa va kasallanganlarda shifoxonalarga yotish ehtimoli past ekanligini inobatga olsak, O‘zbekiston virusning ko‘tarilish xavfiga tayyor, deyishga asoslarimiz yetarli. Negaki, davlatimiz rahbari boshchiligida hamda Respublika maxsus komissiyasining bevosita kuzatuvida yurtimizda koronavirus pandemiyasini jilovlash borasida amalga oshirilgan ishlar bunga misol bo‘la oladi.

Biroq ortiqcha xotirjamlikka berilish ham yaramaydi. Sababi “omikron” boshqa shtammlarga qaraganda anchagina yuqumli va qisqa muddatda aholining katta qismini zararlashi mumkin. Shu bois ayni paytda karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish, emlash tadbirlarida faol ishtirok etish har qachongidan-da muhim.

Qolaversa, mamlakatimizda COVID-19 bilan kasallanish holatlari ko‘tarilgan avvalgi paytlarda yaxshi samara bergan amaliyotni davom ettirish, ya’ni oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar orqali “COVID-box” (aptechka) tarqatish, xastalik yengil kechayotgan bemorlarni ambulator sharoitda davolash maqsadga muvofiq. Bu, o‘z navbatida, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga ortiqcha yuklamalar tushishining ham oldini oladi.