Nurobod tumani hududida YTH yuz berdi: 2 nafar voyaga yetmaganlar halok bo‘ldi
- 06.06.2024 12:09
- 531
- Hodisa
Shu yil 4 iyun kuni soat 16:30 larda Nurobod tumani Mehnatkash mahallasi hududidan o‘tuvchi “Samarqand-G‘uzor” A-378 avtomobil yo‘lining 35-kilometrida 1999 yilda tug‘ilgan haydovchi P.Yo. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Kamaz-53212” rusumli yuk avtomashinasida harakatlanib, piyodalar o‘tish yo‘lakchasidan o‘tayotgan J.F. va uning 2 nafar voyaga yetmagan farzandlarini urib yuborgan.
Oqibatda 2 nafar voyaga yetmaganlar olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida halok bo‘lgan. Ularning onasi Samarqand tumani markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan shu kuni Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.