Nurobodda turizm qishloqlari tashkil etilyapti

Viloyatimizning tarixiy qadamjolari, musaffo havosi, go‘zal tabiatiga ega 14 ta hududida, jumladan, Nurobod tumanining Oqsoy, Nurbuloq va Sazag‘on mahallalarida turizm qishloqlari tashkil etilyapti.
- Oqsoy mahallasida joylashgan "Hazrati Dovud" sayyohlik maskani qadimdan sayyohlarni o‘ziga jalb qilib keladi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Sirojiddin Xo‘jamiyorov. – Bu hudud turizm qishlog‘iga aylantirilsa, mehmonlar safi yanada kengayadi. Buning uchun zarur ishlar amalga oshirilib, qishloq sayyohlarni qabul qilish uchun shay holatga keltirildi. 20 dan ziyod mehmon uylari, 10 ga yaqin dam olish maskanlari tashkil etildi. Shuningdek, qishloqda qadimiy tegirmon, Hazrati Dovud ustaxonasi kabi sayyohlar e’tiborini tortadigan ob’yektlar mavjud.
Bu turizm qishlog‘ida mehmonlar uchun otda sayr qilish, basseynda suzish, tyuningda uchish va boshqa shu kabi qulay sharoitlar yaratilgan.
Tumanning Nurbuloq qishlog‘ida sayyohlar ma’danli suv yordamida davolanishi, ot va velosipedda sayr qilishi, milliy taomlarning tayyorlanish jarayoni bilan yaqindan tanishishi mumkin. Turizm qishlog‘iga aylantirilayotgan yana bir hudud, Sazag‘onda esa juft bo‘lib o‘sadigan qadimiy chinorlarni tomosha qilish, shifobaxsh buloq suvlaridan bahramand bo‘lish imkoniyati ham mavjud.
Dilnoza Ahmadova,
Baxtiyor Mustanov (surat).