Ayrim hokim yordamchilari ishsizlar yoki nochor oilalar haqini o‘g‘irladi

Viloyat korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Hududiy kengash raisi Sh.Negmatov olib borgan yig‘ilishda kengash a’zolari, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik hamda soliq boshqarmalari rahbar va xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda dastlab joriy yilning 5 mart kuni Davlatimiz rahbari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashining yig‘ilishida davlat va jamiyat kelajagiga tahdid bo‘lgan bu illatga qarshi kurashishni yanada jadallashtirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi, bu borada viloyatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgani hamda davlat organlarida korrupsiya va uni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlar o‘rganib borilayotgani haqida ma’lumot berildi.
Shunga ko‘ra, yig‘ilishda viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tizimida korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan holatlar ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, yangi ish o‘rinlari yaratish va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida 2023-2024 yillarda va joriy yilning 4 oyida viloyatdagi bank muassasalari tomonidan 98 ming fuqaroga 1 trln. 803 mlrd. so‘m kreditlar ajratilgan, 12,1 ming nafariga 63 mlrd. so‘mlik subsidiyalar berilgan va 207 ming nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan. 2024 yil va joriy yilning 4 oyida 433 mingta yangi ish o‘rni tashkil qilinib, ishsizlik darajasi 6,6 foizdan 5,4 foizga kamaygan hamda 11,6 mingta oilada 55,2 ming fuqaro kambag‘allikdan chiqarilgan. Viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining tashabbusi bilan davlat mehnat inspeksiyasining 29 nafar inspektorlari planshetlar bilan ta’minlanib, respublikada ilk bor ma’muriy huquqbuzarlik holatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Biroq, tahlillar aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishda raqamlashtirish va yangicha yondashuvlar joriy qilinishi bilan birga sohada manfaatlar to‘qnashuviga oid hamda korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar saqlanib qolayotganligini, ayrim yo‘nalishlarda ko‘payib borayotganligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, bir guruh hokim yordamchilari halol ishlash o‘rniga “ishsizlar yoki nochor oilalar haqini o‘g‘irlash”ni “kasb” qilib olgan. Oqibatda ular jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bunday hokim yordamchilari soni 2023 yilda 14 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 30 nafarga yetgan, 2025 yilning 4 oyida esa 19 nafar bo‘lgan. Talon–toroj qilingan subsidiya, nafaqa va kredit mablag‘lari miqdori esa 2023 yildagi 1,3 mlrd. so‘mdan 2024 yilda 4.2 mlrd. so‘mga, 2025 yilning 4 oyida 3 mlrd. so‘mga yetgan.
200 nafarga yaqin hokim yordamchilari aynan iqtisodiy jinoyatlarni sodir qilgan, ularning bir guruhi bu turdagi qilmishlar uchun takror jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ajablanarlisi, bugungi kunda ulardan 17 nafari probatsiya hisobida turib, sud tomonidan tayinlangan jazolarni o‘tamoqda va 5 nafari lavozimda ishlash huquqidan mahrum qilinganligiga qaramasdan o‘z joyida hamon ishlab kelmoqda.
Yig‘ilishda ishsizlikning oldini olish, bandlikni ta’minlash borasidagi ishlar ham tahlil qilindi. Ta’kidlanishicha, tartib-taomilga ko‘ra, ishsiz fuqarolarni ish bilan band qilgani uchun korxonalarga asbob–uskunalar sotib olishga subsidiyalar ajratiladi. Biroq, amalda ish bilan band bo‘lgan yoki o‘zini–o‘zi band qilgan 155 nafar fuqaro uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobarigacha miqdorda subsidiyalar berilgan.
Bunday holatlarga Kattaqo‘rg‘on shahrida, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Narpay, Jomboy, Oqdaryo, Bulung‘ur Samarqand va Payariqda yo‘l qo‘yilgan. Masalan, bandlik organlarining “bevosita yordami” bilan Nurobodda “Uluslik kasanachilar” MChJ 117 mln. so‘m, Samarqand shahrida “Ibrohim Nasiba” MChJ 113 mln. va Oqdaryoda “Yahyo Ota Fayz” MChJ 70 mln. so‘mni maqsadsiz va samarasiz ishlatib yuborgan.
Shu kabi, Bandlik vazirligi tomonidan ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish uchun ajratilgan 123 mln. va jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar uchun 168 mln. so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan.
Yig‘ilishda viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Temur Mahmudov yuqoridagi korrupsion holatlar bo‘yicha izoh berdi. Ularni bartaraf etish, tizimni korrupsiyadan xoli bo‘lgan sohaga aylantirish maqsadida ishlarni qaytadan ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Shuningdek, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i E.Tolliyev hududiy Kengashning avvalgi yig‘ilishida aytilgan kamchiliklarni hal etish, soliq xizmati turlarini raqamlashtirishni ta’minlash, bozorlar faoliyati kuzatuvini situatsion markazga ulash borasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Yig‘ilishda joylarda korrupsion holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, sohalarni raqamlashtirish, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash bo‘yicha rahbarlarga aniq vazifalar belgilandi.