O‘quvchilarni intellektual qobiliyati (IQ)ga qarab ajratish, alohida maktablarda o‘qitish qanday samara beradi?

(Davomi)

Besh barmoq baravar bo‘lmagani kabi insonlarning ham bo‘y-basti, jismoniy va aqliy qobiliyati har xil, bu tabiiy. Shuning uchun ko‘plab rivojlangan davlatlarda maktab o‘quvchilari ma’lum davrlarda (yoshda, sinfda) intellektual qobiliyati (IQ)ga qarab ajratiladi va alohida-alohida maktablarda o‘qitiladi.

Agar biz ham o‘quvchilarni IQga qarab ajratsak, bir qismi kamsitilgan bo‘ladi, deymiz. Inson haq-huquqlari yuqori darajada himoyalangan AQSh, Germaniyada buni ular ajratish, kamsitish deb qaramaydi, balki tabiiy hol deb qaraydi.

Aslida biz ham shu muammoga duch kelib, uni yechishni boshlagan edik, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari IQga qarab ajratishning mevasi edi, lekin ma’lum sabablarga ko‘ra ishni oxiriga yetkazmadik. Bu jarayon tabiiy bo‘lganligi va shuni hisobga olib, muammoni yechmaganligimiz uchun biz yana boshlang‘ich nuqtaga keldik. Ammo IQga qarab ajratish tabiiy zarurat bo‘lganligi uchun bilib-bilmay, uni davom ettiryapmiz. Prezident maktablari bunga misol. Prezident maktablariga o‘quvchilar aynan IQga qarab tanlab olinyapti. Shuning uchun bundan 25-30 yil oldin qanday muammoga duch kelgan bo‘lsak, yana shu muammo oldimizda ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Demak, uni, albatta, yechish kerak. Hatto litsey va kollejlarning muvaffaqiyatsiz yakuni yetarli darajada o‘rganilgani yo‘q. Bu ishning ayanchli tugashida davlat organlari va ularning mas’ul shaxslari real vaziyatni bilmasdan, o‘rganmasdan, mutaxassislarning fikriga quloq solmasdan, noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishi ham katta rol o‘ynadi. Shuning uchun, ta’limdagi xato va kamchiliklarni kelajakda takrorlamaslik uchun “ta’lim tarixi”ni uzluksiz o‘rganib borish kerak.

O‘quvchilarni kamida ikki marta, ya’ni boshlang‘ich maktabni (4-sinf) va 9-sinfni bitirganda IQ ga qarab ajratish kerak. 9-sinfdan keyin o‘qish majburiy bo‘lmasligi kerak. Kim o‘qimayman desa, tegishli hujjatni berib, unga oq yo‘l tilash kerak, xolos. U 16 yoshni to‘ldirib, 17 ga o‘tgan, ya’ni “suyagi qotgan” bo‘ladi. Masalan, Germaniyada o‘qish muddati 5 yil bo‘lgan Hauptschule (bosh maktab)ni tugatgan o‘quvchilar ishga kirib ishlashi mumkin. Germaniya maktablarida o‘qish 6 yoshdan boshlanishini hisobga olsak o‘quvchi Hauptschule (bosh maktab)ni tugatganda 15 yoshga to‘lgan bo‘ladi. O‘qishni xohlamaganni majburlab o‘qitish imkoni, usuli yo‘q.

Mamlakatda tug‘ilish juda katta, har yili qo‘shimcha topgan pulning bir qismi yangi bog‘cha va maktab qurishga, yangi tarbiyachi va o‘qituvchiga ish haqi to‘lashga ketadi. Bu boy mamlakatlarga ham oson emas. Shuning uchun 9-sinflarni tugatgan IQsi yuqori bo‘lgan o‘quvchilarni 11 yillik maktabda qoldirib, qolganlarini kasb-hunar o‘quv yurtlari va texnikumlarga o‘tkazish kerak. To‘qqizinchi sinfgacha asosiy fanlardan (ona tili, matematika va ingliz tili) 8-9- sinf dasturi talabiga javob bermagan o‘quvchi keyingi ikki yilda uni o‘zlashtirmasligi kunday ravshan. Bu 11-sinfni tugatmasa, oliy ma’lumot ololmaydi, degani emas. Esini yig‘ib, texnikumni va tegishli kasb-hunar bilim yurtlarini yaxshi tugatganlar faqat o‘z yo‘nalishi bo‘yicha institutlarga kirishi mumkin.

Kasb-hunar bilim yurtlaridagi o‘qish muddatini 2 yilga yetkazish uchun kasbga aloqasi bo‘lmagan har xil keraksiz fanlarni tiqishtirishning keragi yo‘q. Ba’zi kasblarni o‘rganish uchun 4-6 oy, ba’zilari uchun 1,0-1,5 ba’zilari uchun 2 yil vaqt, ba’zilari uchun esa texnikumni bitirish kerak bo‘ladi.

Agar hukumat ta’lim sohasida biror narsa qilmoqchi bo‘lib taklif so‘rasa, biz hamma bolalarni 11-sinfgacha o‘qitish, bir sinfda o‘qiydigan o‘quvchilar sonini kamaytirish, bir smenada o‘qitish, fizika, kimyo laboratoriyalarini eng yaxshi asbob-uskunalar bilan ta’minlash, o‘qituvchilarning oyligini oshirish, xullas, ilg‘or mamlakatlarning maktablaridagi sharoitlar bo‘lishini istaymiz. Lekin masalan, Singapurnikidek, AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiyadagidek sharoit yaratib berishga bizning mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyati bormi? Bu mamlakatlarda aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi yalpi ichki maxsulotning qiymati biznikidan nihoyatda katta. Shuning uchun har bir sohaga o‘ylab pul ajratishni, uni kerakli joyga ishlatishni, tejab sarflashni muhokama qilsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Menimcha hozir maktablarda IQ yuqori bo‘lgan o‘quvchilarga yetarli miqdorda va murakkablikda bilim, past bo‘lganlarga esa vaqtida kasb-hunar o‘rgatmay, vaqtni boy beryapmiz. Maktab o‘quvchilarining xalqaro reytinglarda oxirgi o‘rinlarni olishi, boshqa mamlakatlarga ketgan yoshlarning aksariyatini kam bilim va malaka talab qiladigan “qora ish”larda ishlayotganligi bunga isbot bo‘ladi.

Germaniyada maktab ta’lim tizimi 3 bosqichga bo‘linadi: boshlang‘ich (4-sinfgacha), birinchi o‘rta (4 dan 10-sinfgacha) va ikkinchi o‘rta (10 dan 13-sinfgacha). Hamma uchun 9 yillik maktab ta’limi majburiy. Olti yoshga to‘lgan hamma bolalar boshlang‘ich maktabga (Grundschule) boradi va u yerda 4 yil o‘qiydi. Boshlang‘ich maktabni tugatgan o‘quvchilar Hauptschule, Realschule, Gymnasium yoki Gesamtschule maktablarda o‘qishni davom ettirishi mumkin. Bilimi bo‘sh o‘quvchilar o‘qishni davom ettirish uchun Hauptschule (bosh maktab) ga yuboriladi va u yerda 5 yil o‘qiydi. Bu maktablarning asosiy maqsadi kam malaka talab qiladigan faoliyatga (mutaxassisliklarga, sohalarga) tayyorlashdan iborat. Bu yerda faqat tayanch (asos, negiz) bo‘ladigan ta’lim olish mumkin. Bu maktablarni tugatgan o‘quvchilar ma’lum sohalar bo‘yicha texnikumlar va institutlarda o‘qishni davom ettirishi yoki ishga kirishi mumkin.

To‘qqizinchi sinfdan keyin o‘z ixtiyori bilan ishga ketgan, IQ ga ko‘ra kasb-hunar maktablariga, texnikumlarga o‘tgan o‘quvchilar hisobiga o‘rta maktablarning 10 sinfida ko‘pi bilan 25-30 foiz o‘quvchi qoladi. Bu o‘quvchilarga dars beradigan bilimli o‘qituvchini tanlov orqali ishga olib, ularning oyligini ko‘paytirish kerak, shunda maktabga erkak o‘qituvchilar qaytadi. IQ yuqori bo‘lgan o‘quvchilarga dars beradigan o‘qituvchilarning bilim darajasi va malakasi ularning ehtiyojini qondiradigan, obrazli qilib aytganda “miyasini to‘yg‘azadigan” darajada bo‘lishi kerak.

To‘qqizinchi sifdan keyin IQ bo‘yicha maktabdan chiqarilgan o‘quvchilarni nima qilish kerak? Yuqorida aytganimdek, o‘qimayman deganini o‘qishga majbur qilmaslik kerak. O‘qiyman, kasb-hunar o‘rganaman deganlariga texnikumda o‘qishi yoki biror kasb hunarni egallashi uchun hamma sharoitni yaratish kerak. Kasb-hunar o‘rgatuvchi bilim yurtlarini Samarqand shahrida Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda ochilgan kasb-hunarga o‘qitish markaziga o‘xshatib tashkil qilish kerak. Bilim yurtlarini yo‘nalishiga qarab zamonaviy asbob-uskunalar, mamlakatda mavjud barcha uy-ro‘zg‘or anjomlari, sanoat maxsulotlarining namunalari, elektr qurilmalari, tokarlik va boshqa stanoklar, kompyuter va qo‘l telefonlarining modellari, ularni sozlaydigan asbob-uskuna, anjomlar va boshqa kerakli narsalar bilan doimiy ravishda ta’minlash zarur.

To‘rtinchi sinfda IQga qarab, yuqori malaka talab qilinmaydigan maktablarga ajratilgan o‘quvchilarning o‘quv rejasida murakkab fanlarning soatlarini kamaytirib, mehnat fanlarining soatlarini va turlarini ko‘paytirish kerak. Har bir kasb egasi qaysi tashkilotda (xususiy, davlat) ishlashidan qat’i nazar, ma’lum kasbni (payvandlovchi, tokar, elektrik, g‘isht teruvchi, elektron asboblarni tuzatuvchi usta va hokazo) egallagandan keyin uni imtihon qilib, shu sohada ishlashiga ruxsat beruvchi sertifikat berish kerak. Mayli, kasb-hunar bilim yurtidan tashqarida, masalan, otasidan, akasidan, qarindoshidan, ustozlardan o‘rgansin, lekin mustaqil ishlashi uchun albatta, sertifikat olsin. Sertifikatlash, o‘quvchini kasb-hunar bilim yurtiga yetaklaydi. Sertifikati bo‘lmaganlarga past haq to‘lanadigan kam malaka talab qiladigan “qora” ishlar qoladi.

Agar biz maktabdan tashqarida qolganlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatsak, imtihon qilib, sertifikat bersak, mamlakatda kasb-hunar egallagan yoshlarning, ya’ni malakali ishchi kuchining soni ortadi. Xususiy va davlat tashkilotlari sertifikati bo‘lmagan payvandlovchi, elektrik, quruvchi, sozlovchi va hokazo ustalarni ishga olmaydi. Sertifikatlash yo‘lga qo‘yilgandan keyin ustani chaqirganingizda sertifikating bormi deb so‘raysiz, ya’ni bu ishlar savodli mutaxassislarning qo‘liga o‘tadi. Davlat puliga qurilgan maktab, bog‘cha, ko‘p qavatli uylar, yo‘llar va hokazo qurilishlar sifatsiz. Buning birinchi sababi korrupsiya bo‘lsa, ikkinchisi, savodsiz, eng arzon ishchi kuchidan foydalanish. Demak, bunday joylarda savodsiz ishchi kuchidan foydalanishga barham beriladi va bu ishning sifati oshishiga olib keladi. O‘zimizda ham sifatli ishga ishonch paydo bo‘ladi.

Agar mamlakatda maktab o‘quvchilarini IQga qarab, adolatli ajratish yo‘lga qo‘yilsa, ota-onalar bolasiga tarbiya va bilim berish mas’uliyatini his qiladi va bu o‘z navbatida topgan pulini katta to‘yga, dang‘illama uyga emas, balki bola tarbiyasiga, unga bilim berishga sarflash kerakligini tushunib yetadi. Bu demografik jarayonga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, xalqi boy, to‘q yashaydigan Yaponiya, Yevropaning rivojlangan davlatlarida aholining daromadi yaxshi va bolalar sonini ko‘paytirganlarga davlat katta katta imtiyozlar berishiga qaramasdan, tabiiy o‘sishi kam yoki umuman yo‘q. Sifatli raqobatbardosh maxsulot ishlab chiqarayotgan zavod, fabrika va korxonalar murakkab ishlab chiqarish qurollari, o‘lchov asboblari, robotlashgan texnologik tizimlar va hokazo elektron asboblar bilan jihozlangan. Ularning hammasi kompyuterlar bilan boshqariladi. Demak, ularni ishlatish uchun yuqori bilim, malaka va tajriba talab qilinadi. Bozor ochiq, raqobat kuchli bo‘ldiki, eski mahsulot bilan uzoq muddat ishlab bo‘lmaydi, demak, mahsulotning sifatini yaxshilab, turini ko‘paytirib borish kerak. Bu o‘z navbatida ishlab chiqarish jarayonida ishlatilayotgan asbob-uskunalarni navbat bilan yangilashni, bu esa yangi asbobda ishlashni o‘zlashtirishni talab qiladi. Krizis tufayli yoki raqobatga dosh berolmasdan yopiladigan korxonalarning ishchi xizmatchilari bozor talab qilayotgan yangi sohalarni o‘zlashtirishi kerak bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘z bilimini, malakasini doim oshirib turishi zarur, yo‘qsa ishsiz qoladi. Boy mamlakatlarda qornini to‘yg‘azish masalasini o‘ylamasa ham bo‘ladi, tarbiya, bilim berish mas’uliyati va karera ularni o‘ylantiradi. Biz ham shunday sharoitda ishlasakkina, rivojlangan davlatlarda, boy bozorlarda mahsulot sotishni umid qilsak bo‘ladi. Shunday ishlamasak, birimiz ikki bo‘lmaydi. Yuqori bilim, malaka va aqliy mehnat talab qiladigan bozorbop mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalar ocholmaymiz. Ochilgan taqdirda esa yuqori oylik to‘lanadigan ish joylarini begonalar, masalan, xitoylik va hindistonliklar egallaydi, chunki sarmoyador sifatli mahsulot chiqarish uchun malakali mutaxassislarni ishlatadi. Biz ham bolalarimizga yaxshi tarbiya, bilim berish mas’uliyatini his qilib, shunga yarasha ish qilmasak, bolalarimizning kelajagi bilan bog‘liq orzu-umidlarimiz ro‘yobga chiqmaydi.

Abdulla Quvvatov,

SamDU dotsenti.