Nurobodning olis mahallasida yangi oilaviy poliklinika va sport majmuasi foydalanishga topshirildi

Tumanning olis hududlaridan biri hisoblangan Buloqboshi mahallasida zamonaviy "Sepki" oilaviy poliklinikasi ish boshladi.
Uning ochilish marosimida Nurobod tumani hokimi M.Bo‘ronov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Zayniyev ishtirok etdi.
"Tashabbusli byudjet" mablag‘lari asosida qurilgan ushbu yangi poliklinika aholining salomatligini saqlash va kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Hududda yashil iqtisodiyot, yashil energiyani rivojlantirish maqsadida mazkur poliklinikada quyosh kollektorlari o‘rnatilgan, bu esa muassasaning energiya samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan ushbu
poliklinika 80 qatnovli bo‘lib, Buloqboshi mahallasi va unga tutash hududlardagi 10 mingga yaqin aholiga tibbiy xizmatlardan foydalanish, zarur muolajalar olish imkonini beradi.
Shuningdek, ushbu mahallada zamonaviy sport majmuasi foydalanishga topshirildi.
"Tashabbusli byudjet" mablag‘lari hisobidan barpo etilgan ushbu sport majmuasi tarkibida 2 ta mini-futbol maydoni, voleybol va basketbol zallari, vorkout maydoni va boshqa sport turlari uchun mo‘ljallangan mashg‘ulot maydonlari mavjud.