Nurobodning olis qishlog‘ida davlat xizmatlari sayli bo‘lib o‘tdi

Olg‘a Nurobod tumani markazidan 45 kilometr olisda joylashgan qishloq. Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi shu qishloqda “O‘zimiz keldik” aksiyasi doirasida davlat xizmatlari ko‘rsatish saylini tashkil etdi.

Sayil va uning doirasida tashkil etilgan tadbirlar nurobodliklarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qildi. Dastlab viloyat va tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan sayil ishtirokchilariga elektron xizmatlardan foydalanish tartibi, sohadagi yangilik va markazlarda fuqarolarga yaratilgan qulayliklar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

So‘ngra FHDYo sohasiga doir 40 ga yaqin xizmat ko‘rsatildi, 30 dan ortiq murojaat qabul qilindi. Ularning 20 ga yaqini joyida hal etildi. Jumladan, Orol Rahmonov nevarasi M.Husainovni bog‘chaga joylashtirish uchun navbatga qo‘yishda yordam so‘radi. Fuqaroning murojaati shu yerda ijobiy hal etildi. Shuningdek, 10 nafar oila farzandlariga tug‘ilganlik guvohnomalari rasmiylashtirib berildi.

Baxtiyor Do‘g‘onov 2005 yilda oila qurgan bo‘lsa-da, qonuniy nikohdan o‘tmagan. Ikki nafar farzandining tug‘ilganligini ham qayd qildirishga qunt qilmagan. Sayilda uning murojaati ro‘yxatga olinib, nikohini qayd qilish masalasi tegishli tartibda ijobiy yechimini topadigan bo‘ldi. Farzandlariga esa shu yerning o‘zida guvohnoma topshirildi.

Sayil davomida fuqarolar o‘zlarining huquqiy bilimlarini ham sinovdan o‘tkazdi. “Siz davlat xizmatlari haqida nimalarni bilasiz?” viktorinasida o‘rtaga tashlangan savol-javoblar olg‘aliklarning huquqiy savodxonligini oshirdi. “Davlat xizmatlari men uchun” rasmlar tanlovida esa tumandagi havaskor rassomlar davlat xizmatlari haqidagi tasavvurlarini ranglar orqali ifoda etishdi. G‘oliblar boshqarmaning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish va hal etish maqsadida sayyor qabullar tashkil etildi, fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berildi.

Sayil dasturidan xonandalar ijrosidagi konsert, badiiy chiqishlar va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham o‘rin oldi.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.