Nuroniylar ma’rifat maskanida bo‘ldi

Urgutlik bir guruh imom-xatiblar va nuroniylar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, taniqli adib va jurnalist Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Ijodkor tug‘ilib-o‘sgan Dehqonobod mahallasida tashkil etilgan kutubxona bugun haqiqiy ma’rifat markaziga aylangan. Bu dargohga yoshlar faqat kitob mutolaasi uchun emas, balki o‘z ustida ishlash, bilim va dunyoqarashini boyitish, hayotda to‘g‘ri yo‘l topish maqsadida ham kelmoqda.

Kutubxona fondi turli yo‘nalishdagi badiiy adabiyot, tarix, falsafa, dinshunoslik, ijtimoiy fanlar, ilmiy-ommabop hamda zamonaviy adabiyotlar bilan boyitilgan. Undan mahalladagi fuqarolar bilan birga, oliy ta’lim muassasalari talabalari, ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilar va kitobsevarlar ham samarali foydalanmoqda. E’tiborlisi, kutubxonada kitoblarni an’anaviy tarzda mutolaa qilish bilan birga, ularni vaqtincha olib ketish yoki onlayn shaklda o‘qish imkoniyati ham yaratilgan.

Tanishuv davomida nuroniylar tomonidan kutubxonaning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati, davlatimiz rahbarining yaqinda yoshlar bilan o‘tkazgan muloqoti, yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor xususida fikr-mulohazalar bildirildi. Yosh avlodni ilmli, ma’rifatli, mustaqil fikrlaydigan insonlar etib tarbiyalash nuroniylarning ham zimmasidagi asosiy vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.

– Bugungi axborot asrida ayrim yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketib, turli aldov va yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolayotgani tashvishli, – deydi Urgut tumani bosh imom-xatibi Abdug‘ani Hasanov. – Shu bois yoshlarni ma’rifat bilan qurollantirmasak, bo‘sh qolgan ongni begona g‘oyalar egallaydi. Ertamiz egalari bo‘sh vaqtini mana shunday ma’naviyatva ma’rifat maskanlarida o‘tkazsa, til, kasb-hunar o‘rgansa, jamiyatning yuzi, dunyoqarashi, kelajak siymosi ham o‘zgaradi. Shuningdek, bunday maskanlar nuroniylarning yosh avlod bilan fikr almashish, ularga hayotiy tajribalarni o‘rgatishga ham xizmat qiladi. Ana shu hamkorlik orqali yoshlar faqat bilimli emas, balki mas’uliyatli, mustaqil fikrlaydigan, sog‘lom g‘oyalarga ega insonlar etib tarbiyalanadi.