«O‘tgan kunlaringni xotirlasang, buguningga shukur qilishni o‘rganasan»

Ilyos aka bir oydan buyon uyda o‘tirib, o‘zining taqdiriga bundo-o-q nazar tashlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Haqiqatdan qo‘lyozmalari va shaxsiy arxividagi fotosuratlarini bir titkilasa, qariyb 70 yillik umri ko‘z o‘ngida gavdalangandek bo‘ldi.
Boshquduqda nima ko‘p – soy ko‘p, nima ko‘p – yaylov ko‘p. Lekin hammasining o‘z nomi, o‘z o‘rni va Ilyos akaning taqdirida qoldirgan izi bor. Masalan, Onnasoy. Birovlar uni Enasoy desa, birovlar boshqacha aytadi. Lekin muhimi, ana shu soylar ko‘kalamga burkansa, shu qishloqning faxri.
Darvoqe, Onnasoyning etagida, sal teparoqda bitta quduq bor. Qishloqning butun chorvasi shu yerdan suv ichadi, ba’zan aholi ham uyiga tashiydi. Suratlarni ko‘rib, besh-olti yoshligida, otasiga suruv boqqani yordam bergani borganida shu quduqqa tushib ketganini esladi.
Mana bu rasmda esa qishloqqa birinchi kelgan jamoat transporti, avtobus ham ko‘rinib qolibdi. Aholi uni «oq moshin» derdi. Yana bittasida «avtolavka» odamlarga savdo xizmati ko‘rsatyapti. Mana bu esa onajonisi – Bo‘ston ayaning surati. O‘ziyam rosa ro‘mol o‘rab tushgan ekan. Boyaqish «sovxoz» degan tashkilotda ishlardi. Qirq daraja issiqda ham qo‘lida o‘roq bilan g‘alla o‘rimida qatnashgan. Eh, onajon! Bugungi dorilamon kunlarni ko‘rmadi-da. Rahmatli padari buzrukvori ham bir umr suruv boqdi, biri ikki bo‘lmadi. Esida, Ilyos uyda ovqat kam bo‘lgan kunlari qarindoshlarinikiga borib qorin to‘yg‘azib kelardi. Axir, o‘n nafar farzand va er-xotin bir dasturxondan taom yegandan keyin, ahvol shu-da...
Mana bu surat maktabdagi hayotini eslatdi. Zo‘r o‘qituvchilari bor edi-da! Ilyos qo‘lini ko‘tarmagan, javob bermagan dars bo‘lmasdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uni sinfdan-sinfga tez ko‘chirishdi. Otasi ham ilmga tashna o‘g‘lidan xursand. Shuning uchun 6-sinfidayoq uni Ulusdagi katta maktabga olib bordi. Suhbatlashib ko‘rgan direktor Arabov otasiga «Bu bolada farosat, ilmga intilish bor ekan, biz uni olib qolamiz, yotoq joy beramiz», dedi. Ayniqsa Barot aka ismli o‘qituvchi Ilyos bilan alohida shug‘ullandi. Xususan, matematika va fizikadan maktabning old o‘quvchisiga aylandi. Hamon esida, o‘qishga kirgach, vokzalga borib, muallimi Barot Xolboyevga «Rahmat, muallim. Sizning mehnatingiz tufayli matematikadan ikkita «to‘rt» oldim», degan mazmunda xat yozib pochtaga tashlagandi.
Lekin ko‘nglida bir armon qoldi: qishloqdan Ulusgacha borib-kelishga besh yilda otasi bitta velosiped ham olib berolmadi. Kitob olishga ham puli yo‘q edi. Shuning uchun faqat maktab kutubxonasidagi kitoblarni mutolaa qilardi. Ha, mayli, bu armonlarning ijobatini farzandlarida, nevaralarida ko‘ryapti-ku?!
Mana bu suratda qishloqdagi bir to‘yda ferma mudiri Hamro bobo bilan yonma-yon tushgan ekan. Yaxshi odam edi. Aytganday, o‘sha quduqqa tushib ketganda, uni Hamro bobo tortib olgan edi. Keyin otasidan oq fotiha olib, o‘qishga jo‘nayotganida ham Hamro bobo duch kelib qoldi. Shunda u kishi «Ilyosboy, Toshkentda odamning odam bilan ishi yo‘q, tag‘in o‘zingni quduqlarga tashlab yurma», deb hazillashgani esida.
Oh, Toshkent quduq emas, ummon ekan, ummon bo‘lganda ham Ilyosga o‘xshagan va undan zo‘rlarini ham domiga tortib ketadigan joy ekan. Besh yil davomida xalq xo‘jaligi institutida o‘qib, bunga ishonch hosil qildi. Man-man degan domlalardan tahsil oldi. Toshkent zilzilasining vahimasi-yu, oqibatlarini ko‘rdi. Jo‘ralari bilan birga mardikorlik qildi. Bunday o‘ylab qarasa, besh yil o‘qishi davomida agar bitta-ikkita kursdoshining to‘yini hisobga olmasa, bunday bir sayohatga to‘yu tomoshaga ham bormadi. Chunki qishloqdan pul so‘ray olmaydi, stipendiya esa har xil tadbirlarga yetmaydi.
Mana bu surat harbiy xizmatdagi jo‘ralari bilan tushirilgan ekan. Ochig‘i, bu xizmat ko‘p qatori o‘tdi.
Mana bu suratda «Samarqand» sovxozi bosh hisobchisi Mamat aka Abdullayev bilan tushgan ekan. E, zo‘r odam edi-da. Ilyosga ikl bor mustaqil hayotda ustozlik qildi. O‘ziyam maktabdagi, institutdagi, amaliyotdagi, hatto harbiydagi faoliyatini bittama-bitta so‘rab oldi-ya. Sinash uchun turli savollar berdi. Ko‘ngli to‘ldi, shekilli «Uka, agar aytganimni bajarib yursang, sendan yaxshi hisobchi chiqadi», deb ko‘nglini ko‘targan bo‘ldi.
…Shu yerga kelganda Ilyos aka suratlarni, hujjatlarni bir chekkaga yig‘ishtirib, o‘rnidan turib, deraza yoniga keldi. Oynadan qarasa, farzandu nevaralar bog‘dagi tashvishlar bilan band, ko‘chada esa hech kim ko‘rinmaydi – karantin! Odamlar qiziq-a, ba’zan uydan chiqarolmaysan, gohida esa uyda saqlab turolmaysan. Inson degani issiqqa ham, sovuqqa ham chidamsiz bo‘larkan-da. Eh… bu tashvishlar uning boshiga tushgan g‘am-alamlar oldida hech gap emas. Shu payt hayolida Mamat akaning o‘rniga bosh hisobchi bo‘lib tayinlangani, ko‘p o‘tmay xonasiga revizorlar kelgani va… «paxta ishi» boshlanib ketganidagi so‘rov-surishtiruvlar gavdalandi. Bu ham xalqning boshiga tushgan sinov edi. Harqalay oqlandi, yuzi yorug‘ bo‘ldi. Lekin…
Kattaqo‘rg‘on turmasidan qaytayotganda uning ahvoli yaxshi emas edi. Ochlik, zaxda yotish, adolatsizlik alami yosh yigitni ulg‘aytiribgina emas, qaritib ham qo‘ydi. Badandagi toshmalar kundan-kunga avj oldi. O‘shanda avtobusda notanish bir yigitning muomalasi uning esidan chiqmaydi. Muallim ekan. Qo‘lidagi, yuzidagi yaralarga qarab, «Aka men shu bo‘yicha mutaxassisman, yuring uyga, sizni davolayman», dedi. «Pulim yo‘q» deganiga qaramay, tabib muallim uni uyiga olib borib davoladi. Keyin Qashqadaryoda qorason kasalligini davolash uchun xuddi shunday tabibning qo‘lida muolaja olishga majbur bo‘ldi...
Ilyos aka joyiga kelib o‘tirdi. Garchi, bundan keyingi hayoti havas qilgudek bo‘lmasa-da, kasalligi tufayli yiqqan hujjatlari, «paxta ishi»dan ko‘rgan zararni undirib olish uchun sudlarga qilgan murojaatlari, ularning yolg‘on javoblar-yu, o‘zining nola-yu avg‘on bitilgan maktublarini bir-bir ko‘zdan kechirdi. Tavba, matematikada eng og‘ir masalalarning ham isbotini, yechimini topgan oliy ma’lumotli hisobchi davlat rahbari qayd etganiga qaramasdan, sudlar oldida o‘zining haqligini isbotlay olmaydi. Ishqilib, karantindan keyin bu soha odamlariga ham insof bersin..!
Ilyos Ashurov garchi, cho‘pon farzandi bo‘lsa-da, butun oilasi bilan ma’rifatga, madaniyatga, adabiyotga moyil bo‘lib o‘sdi. O‘zi ham, aka-ukalari ham do‘mbira chalib qo‘shiq aytishardi, kitob qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilardi. Shuning ta’sirimikan, hayotga ham teran qaraydi, har narsaga jahl qilavermaydi. Faqat ichiga yutadi, qisinadi. Biroq farzandlari, nevaralari, qavm-qarindoshlari oldida obro‘si borligi, yuzining oqligidan ko‘ngli taskin topadi. O‘shalar bugun undan ibrat olayotganligidan xursand bo‘ladi. Odamga bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.
Ilyos aka xayollarini yig‘ishtirishga ham ulgurmay, xonani nevaralar to‘ldirdi:
- Assalomu alaykum, bobojon. Tug‘ilgan kuningiz, 73 yoshingiz muborak bo‘lsin!
Farmon TOShEV,
Abdug‘ofur ShERXOLOV.