Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbek tili dunyodagi 40 ta eng ommaviy, go‘zal tillardan biri

O‘zbek davlatchiligi tarixiga mustaqillik uchun kurash davri sifatida muhrlangan o‘tgan asrning 80-yillari oxiri va to‘qsoninchi yillari boshi xalqimiz qaddini tiklash va milliy tilimiz nufuzini oshirish borasida qo‘yilgan qutlug‘ qadamlar bilan unutilmasdir. Xususan, ana shu milliy kurashning ilk samarasi sifatida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani chinakam tarixiy voqea bo‘lgan edi.

1989 yilning 21 oktyabrida qabul qilingan “Davlat tili  haqida”gi qonun milliy tilimiznigina emas, shu bilan bir qatorda xalqimizning qadrini ham ko‘tardi, mustaqillik uchun kurash amaliy tus oldi. Istiqlol yillarida esa ona tilimizning davlat tili sifatida qo‘llanish ko‘lami yanada kengaydi.

Shunday ekan, hazrat Navoiyning “Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz”, degan jumlalari yoshi va kasbidan qat’i nazar barchamizga taalluqli, deb hisoblaymiz.

 - Ko‘pchilik orasida bugungi yoshlar ona tilimizga o‘ta befarq, degan qarash mavjud. Bu mulohazalar haqiqat, afsuski, inkor etolmaymiz, – deydi kattaqo‘rg‘onlik tajribali muallim, pedagogika fanlari nomzodi Anvar Bekmurodov, - So‘zlarga “jargon”, turli iboralar qo‘shib gapiruvchilar ona tilimizga hurmatsizlik qilayotganini bilarmikan? Axir, biz jahondagi ko‘hna va buyuk mamlakatlardan birining farzandimiz. Shunga munosib tarzda yashashimiz, tariximiz va albatta, ona tilimizga beqiyos hurmatli munosabatda bo‘lishimiz lozim.

“Til bilgan el biladi”, degan maqol bejiz aytilmagan. Bugungi kunda iqtidorli, iste’dodli yoshlarimizning bir necha chet tillarini mukammal egallab, dunyoning nufuzli o‘kuv yurtlarida ta’lim olayotgani bizni ham quvontiradi, ham yanada yuksak marralar sari chorlaydi.

Ammo, birinchi navbatda ona tilimizni ulug‘lash, qadrlash barchamizga farzu sharfdir.

Buyuk ajdodlarimiz, qomusiy olimlarimiz bir necha tilni mukammal bilganlari uchun ham dunyo ilmlaridan bahramand bo‘lgan. Ona tilimizni o‘zga tillar bilan solishtirib, imkoniyat darajalarini qiyoslab, uni rivojlantirishga hissa qo‘shganlar.

Abduaziz HOShIMOV.