Maktablarda ona tili soatlari ko‘paytiriladi
“Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.
Asosiy yo‘nalishlar quyidagilarni nazarda tutadi:
➖ 2025 yilgacha davlat maktabgacha ta’lim tizimida o‘zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030 yilgacha esa 80 foizga yetkazish;
➖ 2030 yilgacha maktablarda o‘quv yillari uchun tayanch o‘quv rejalarida ona tili fanini o‘qitish ko‘lamini haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish;
➖ OTMda o‘zbek tili kafedralari sonini 2025 yilgacha 120 taga, 2030 yilgacha esa 140 taga yetkazish;
➖ lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida “O‘zbekiston milliy qomusi” jildlarini nashr etishni bosqichma-bosqich ko‘paytirish;
➖ 2020 yilda o‘zbek tilining lug‘at boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lug‘atlar yaratish;
➖ teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining o‘zbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030 yilgacha 100 foizga yetkazish;
➖ 2025 yilga qadar davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini va ulardan foydalanish uchun 14 ta onlayn dastur ishlab chiqish, 2030 yilgacha esa ushbu ko‘rsatkichni 25 taga yetkazish;
➖ dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalari va elektron lug‘at dasturlarini yaratish;
➖ xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi dasturlar yaratish;
➖ 2030 yilgacha xorijiy OTMda o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markazlar sonini 17 tadan 60 tagacha ko‘paytirish.
2021 yil 1 apreldan rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etiladi.
O‘zbek tilidagi mavjud lug‘atlar asosida uzluksiz ta’limning barcha turlari uchun o‘quv lug‘atlari yaratiladi.
Shuningdek, o‘zbek tilidan jahonning yetakchi xorijiy tillariga va xorijiy tillardan o‘zbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturi yaratiladi.