OAV aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilayaptimi?
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining ma’lum qilishicha, oxirgi vaqtlarda ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilmaslik holatlari uchramoqda.
Bu esa fuqarolarning konstitutsion huquqlarining buzilishiga olib kelmoqda.
Huquqiy demokratik davlatda inson huquqlari asosiy o‘rinni egallaydi. Shu sababli, jurnalist sud ishlarini yoritishda, shu jumladan, sud faoliyati bilan bog‘liq materiallarni tayyorlashda alohida mas’uliyat bilan yondoshishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlamaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab berilishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasida, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanishi ko‘rsatilgan.
Masalan, JAHON.UZ saytida A.Hakberdiyeva va boshqalarga oid jinoyat ishi bo‘yicha maqola e’lon qilingan bo‘lib, u yerda sudlanuvchilarning ism - shariflari, egallab turgan mansab vazifalari, sodir etilgan jinoyat fabulasi to‘liq ko‘rsatilgan.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha joriy yil 11 iyul kuni hukm chiqarilgan bo‘lib, ayrim sudlanuvchilar tomonidan apellyasiya tartibida shikoyat keltirilgan. Shu munosabat bilan birinchi bosqich sudning hukmi bugungi kunda qonuniy kuchga kirmagan.
Alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasida, jurnalist o‘zining professional faoliyatini amalga oshirish chog‘ida, qonun hujjatlariga hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari talablariga rioya etishi va aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishi shart.
Shu munosabat bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi OAV xodimlarini fuqarolarning konstitutsion huquqlarini hurmat qilishga va qonunchilik talablariga rioya qilishga chaqiradi.