"Odam-amfibiya" filmi qahramoni Ixtiandr - Vladimir Korenev vafot etdi
Rossiya Federatsiyasi xalq artisti Vladimir Korenev 81 yoshida vafot etdi. Aktyorning qizi Irina Korenevaning ma’lum qilishicha, aktyor koronavirusga chalingan. «Otam vafot etdi. O‘limi oldidan u "qizil zona"da koronavirusdan davolanayotgan edi», dedi Vladimir Borisovichning qizi.
V.Korenev 1940 yil 20 iyunda Rossiyaning Sevastopol shahrida tug‘ildi. Rossiya teatr va san’at instituti - GITISda tahsil oldi. U oxirgi kursda o‘qiyotganida Vladimir Chebotarevning "Odam-amfibiya" filmida bosh rol (Ixtiandr)ni ijro etishga taklif qilindi. 1962 yilda sovet kinoprokatining yetakchisiga aylangan film ekran yuzini ko‘rganidan so‘ng 20 yoshli Korenev butun mamlakatga mashhur bo‘ldi.
Vladimir Korenev faoliyati davomida «Don-Kixotning bolalari», «Halokatli kuch», «Arbat farzandlari», «Oxirgi istig‘for» kabi 50 dan ortiq kino hamda o‘nlab
teatr sahnasida mahoratli rollar ijro etgan, ammo dunyoning aksariyat tomoshabinlari uni "Odam-amfibiya" filmidagi Ixtiandr sifatida bilishardi.
1961 yildan beri Korenev Moskva Stanislavskiy drama teatri truppasida rol o‘ynab keldi. Shuningdek, u ko‘p yil o‘qituvchilik faoliyatini ham olib bordi. O‘n yildan ko‘p vaqt davomida o‘zi asos solgan Gumanitar ta’lim va axborot texnologiyalari institutining teatr san’ati fakultetida aktyorlik bo‘limini boshqarib keldi.
Rossiya kino va teatr san’ati jamoatchiligi aktyor bilan vidolashishni katta marosim sifatida tashkil qilmoqchi. Biroq marosim sana va vaqti hali noma’lum.