Odam o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 6 yilga qamaldi
Yo‘llarda yuz berayotgan avtotransport vositalarini boshqarish bilan bog‘liq ko‘plab fojia va baxtsiz hodisalarning asosiy sabablaridan biri - transport vositasini mast holatda boshqarish hamda yo‘l harakati qoidalariga rioya etilmasligi holatlari bo‘lib qolmoqda.
Sh.M. o‘ziga tegishli bo‘lgan “Nexia” rusumli avtomashinasini spirtli ichimlik iste’mol qilgan holatda Urgut tumani Quyiqishloq mahallasi ichki yo‘lidan boshqarib kelayotganida, ushbu yo‘lda piyoda B.X.ni urib yuborib, bosib o‘tib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan va fuqaroga tan jarohati yetkazgan. Uning hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostida qoldirib, o‘zini-o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lganligini bila turib, yordam berish imkoni bo‘lishiga qaramasdan, voqea joyidan qochib ketgan. Oqibatda B.X. olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudining 2019 yil 13 martdagi hukmiga ko‘ra, Sh.M. O‘zbekiston Respublikasi JKning 117-moddasi 2-qismi va 266-moddasi 2-qismi bilan 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi va 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Mazkur jinoyat ishi jabrlanuvchining shikoyati asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi kassatsiya instansiyasida 2020 yil 24 yanvarda ko‘rib chiqilib, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini huquqiy baholab, qonunda ushbu harakatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng ko‘p muddati 7 yilni tashkil qilishi va unga qonun sanksiyasi doirasida jazo tayinlanganligi inobatga olindi va sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi.