Oddiy tadbirga ham o‘tkir so‘zi, xulosasi bilan “to‘n kiydirgan” jurnalist haqida so‘z

Jurnalist - hayotda ro‘y berayotgan voqea-hodisalardan, jamiyatdagi o‘zgarishlardan odamlarni xabardor qiluvchi kasb egasi. Uning uchun eng zarur mezon xolislik va hozirjavoblikdir.

Bu ikkala sifat kasb mas’uliyati va bilimdonlik bilan uyg‘unlashsa, ular qatoriga jasorat va qat’iyat ham qo‘shilsa, jurnalistning tom ma’nodagi fuqarolik pozitsiyasi namoyon bo‘ladi.

Toyloqlik jurnalist Zohir To‘raqulov o‘zida ana shu fazilatlarni mujassam etgan muxbir edi. Dastlabki mehnat faoliyatini Samarqand tumanida chiqadigan «Sharq tongi» va «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetalarida muxbirlikdan boshlagan Zohir aka qayerda ishlamasin tahririyat tomonidan belgilangan fursat qanchalik tig‘iz bo‘lishidan qat’i nazar, mavzuga oid yangi maqolasini vaqtida yozib uzatar, ijod qiynoqlari, tashvishlarini bir zum bo‘lsa-da unutib, barchaga tabassum bilan munosabatda bo‘lardi. Maqola uning ziyrak kuzatuvlari, teran tahlil hosilasi bo‘lib, bedor yurak dardlari bilan qorishib oq qog‘ozga tizilganmi, demak, o‘quvchini ham loqayd qoldirmay, bahs-munozaralarga chorlardi. Yangilanayotgan jamiyatning har bir insonga, har bir oilaga daxldor tashvish, muddaolari haqida o‘ylashga, fikrlashga undardi.

- Asli jurnalistning eng katta yutug‘i ham shunda, ya’ni o‘zi bilan sirdosh odamlarga dardkash bo‘la olishida, - deb xotirlaydi “Adolat” gazetasi bosh muharriri Islom Hamroyev. - Viloyat tashkilotlaridan birining rahbari bir gal tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, uning maqolasi uchun minnatdorlik bildirar ekan, “Muxbiringiz biz uchun kundalik va oddiy bo‘lgan tadbirga o‘tkir so‘zlari, xulosasi bilan do‘ppi va to‘n kiydiribdi”, degani bejiz emas. Zohir aka o‘zi ishtirok etgan yoki guvohi bo‘lgan voqealarga munosabat bildirishni, uning asl mag‘zini chaqib ko‘rsatishni o‘rniga qo‘ya olardi.

Darvoqe, Zohir aka 1995 yildan umrining oxirigacha “Adolat” gazetasining Samarqand viloyatidagi muxbiri bo‘lib ishladi. Kasbiga nisbatan mustahkam e’tiqodga ega bo‘lgan qalamkash Zohir To‘raqulov to‘g‘risida, uning hayotiy pozitsiyasi haqida ko‘p va xo‘b so‘z aytish mumkin. Zero, bugun bir tahririyatda yigirma yildan oshiq faoliyat ko‘rsatayotgan fidoyi jurnalistlar kamdan-kam uchrashi ham bor gap. Shuning uchun ham “Adolat”chilar u kishi haqida gap ketganda “Bu bizning Zohir aka”, deya faxr bilan gapirishardi.

Bugun biz bejiz Samarqand jurnalistika maktabi vakillaridan biri bo‘lgan Zohir To‘raqulovni eslamadik. Bundan roppa-rosa ikki yil avval, ayni shu kunlarda hamkasbimiz bu yorug‘ olamni tark etgandi. Oradan shuncha vaqt o‘tsa-da u kishining porloq xotirasi, aytar so‘zi, tahririyatga dolzarb maqola bilan kirib kelishi aslo ko‘z oldimizdan ketgani yo‘q.

Chunki Z.To‘raqulov qayerda bo‘lmasin viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan gazetalar tahririyatlarida tez-tez bo‘lib, ijodiy muloqotlar o‘tkazar, ayniqsa yoshlarni kasb mahoratini egallashda o‘zining qimmatli maslahatlarini berib kelardi. Shuning uchun ham sohadagi xizmatlari munosib baholanib, 2013 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan edi.

Zohir aka 62 yil umr ko‘rdi, ammo matbuotdagi 40 yillik faoliyati uni elga tanitdi. Dolzarb, hayotiy mavzulardagi o‘nlab tahliliy maqolalari unga obro‘ keltirdi. Muhimi, oilada biri-biridan ardoqli farzandu nabiralar tarbiyaladi.