O‘g‘li bilan yashab yurgan ayolni mahalladoshlari bilan «samosud» qilgan ayol videolavhasi yuzasidan ma’lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmning Qo‘shko‘pir tumanida bir nechta ayol boshqa bir ayolni urib, sochlarini kesib «samosud» qilgani videosi tarqaldi.

IIV huzuridagi Tergov departamenti ushbu video yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 9 iyun kuni taxminan soat 22:40 da Qo‘shko‘pir tumani Ittifoq mahallasida yashovchi 20 yoshli H.O. dugonalari D.A., L.M., M.M., D.K.lar bilan birgalikda yashash uyiga kelayotganida, oldidan 31 yoshli S.D.ning boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtomashina kelib to‘xtaganida, avtomashinadan shu mahallada yashovchi K.D., R.D. va O.D.lar tushib, “Sen nima uchun o‘g‘lim va kelinimning turmushini buzib, buzg‘unchilik qilib yuribsan”, deb har xil so‘zlar bilan haqorat qilib, urib tan jarohati yetkazgan hamda ushbu holatni shu yerda bo‘lgan S.D. o‘zining uyali telefon apparatiga videotasvirga olib turgan.

X.O. shu mahallada yashovchi K.D.ning o‘g‘li S.D. bilan 2016 yildan buyon yashab kelayotganligi, hozirda bir nafar farzandi borligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘shko‘pir tumani bo‘yicha IIO FMB xuzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan K.D., R.D., O.D. va N.R.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b,g” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan, o‘z mazmuniga ko‘ra umume’tirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi o‘taketgan behayolik bilan bezorilik sodir etilsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.