“Nechun tomoshaga bunchalar o‘chsan?”
Ochig‘i, kecha tarmoqda tarqalgan Navoiydagi “samosud” va Toshkentdagi zo‘ravonlik videoni ko‘rib, kechasi uxlolmadim, hisobi. Hozir hissiyotlarni oshkor qilib, qaysidir tarafni ayblash yoki munosabat bildirishdan yiroqman. Shundog‘am tarmoq turli takliflar, tavsiyalar, qarg‘ishu haqoratlarga to‘lib toshdi. Qisqasi, men ham zo‘ravonlikka qarshiman va aybdor jazosiz qolmasligini istayman!
Albatta, jamoatchilik bunday holatlarga o‘z munosabatini bildirishi, odamlarning befarq emasligi yaxshi. Lekin, to‘g‘risi, bunday ko‘rishga insonning asabi chidamaydigan videotasvirlarning yashin tezligida tarqalishi odamzotning tomoshaga qanchalik o‘chligini ham ko‘rsatadi. Bunday videolarni ko‘rib, hamiyati, nafrati qo‘ziydigan, imkon qadar bunday illatlarga qarshi kurashishga intiladiganlar ko‘p. Ammo, kimningdir tahqirlanishi, xo‘rlanishini shunchaki qiziqish yuzasidan tomosha qiluvchilar ham bor. Ana shunday qiziqishlar ortidan quvib, o‘z o‘quvchilari, obunachilari sonini oshirishga intiluvchilar ham.
Bugun ijtimoiy tarmoqda hammaning tilidan, “akkaunti”dan tushmayotgan mavzu bir kun, bir hafta, boringki bir oydan keyin unutiladi. Yangi video yoki mavzu eskisini siqib chiqaradi. Lekin, bu “shov-shuv” bir necha kun hammaning e’tiborida bo‘lgan o‘sha “qahramon” va uning yaqinlari hayotida bu bir umrlik dog‘ bo‘lib qoladi. Chunki tomosha qilayotganingiz kino emas, multfilm emas, real voqea, tirik odamlar... bugun kimningdir sharmandali yoki ayanchli holatini shunchaki qiziqish yoki ermak uchun tomosha qilayotgan odamning o‘zi ertaga uning o‘rnida bo‘lib qolishi ham mumkin.
Yana bir gap, kimdir botqoqqa qarab oyni ko‘rsa, boshqa birov loyni ko‘radi. Afsuski, shafqatsizlik, beadablik aks etgan tasvirlar kimnidir sergaklikka undasa, undan zavq oladigan, shu usullarni qo‘llashga urinadiganlar ham topiladi. Buni ilgari turli kinolar, asarlar misolida ko‘rganmiz. Yaqinda bir nomardning ayoliga pampers yedirgani shov-shuvga aylangandi. Kecha bunaqa gap. Ertaga bundan ham battari chiqmaydi deb kim ayta oladi? Yoxud internetda tarqalayotgan “samosud” holatlari bir-birining ortidan “ergashayotgani” bitta tomosha boshqa bir aqli noraso uchun “ibrat”, “master-klass” bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmayaptimi?
Bu bilan bunaqa mavzularda umuman sukut saqlash, beparvo qarash kerak, demoqchi emasman. Faqat odamlarning hayoti, ularning boshiga tushgan savdolar, muammolarni hal qilish emas, shu bilan shov-shuv ko‘tarish, shu bilan ko‘proq e’tibor tortish, ko‘proq “layk” to‘plash yoki shunchaki tomosha ishqibozlariga insof tilayman xolos.
Pichoqni avval o‘zingga ur, og‘rimasa birovga, deganlar!
Rustam Jabborov.