Ijtimoiy tarmoqlarda “Navoiyda samosud” nomi ostida tarqalgan videoyozuv yuzasidan ma’lumot berildi
Kecha, 7 oktyabr kuni “Telegram” messenjeri orqali fuqaroni bo‘yin va qo‘l qismlarini arqon bilan bog‘lagan hamda fuqaroga tan jarohati yetkazish alomatlari mavjud ko‘rinishda traktor tirkamasida majburiy ravishda olib ketayotganligi aks etgan video tarqaldi.
Holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davrida quyidagilar aniqlandi, deb xabar berdi IIV huzuridagi tergov departamenti.
Ma’lum bo‘lishicha, shu yilning 3 oktyabr kuni soat 10:30 da Navoiy viloyati Qiziltepa tumani “Yangi hayot” MFY hududida joylashgan fermer xo‘jaligi yer maydonida ushbu fermer xo‘jalik ishchisi bo‘lgan 32 yoshli S.Sh. spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holda fermer xo‘jaligi rahbari J.N.,ni sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi har xil qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlagan.
Fermer J.N. hamda ishchisi S.Sh.ning yuzi va tanasini turli joylariga urib, tepib, jarohat yetkazgan. So‘ngra arqon bilan bog‘lab, qo‘shni fermer xo‘jaligi traktorchisi S.N. bilan birga xo‘jalikning dala shiyponiga olib borgan va qiynoqqa solib, daraxtga bog‘lab ketganligi aniqlangan.
O‘z navbatida shu kuni bo‘lgan holatni J.N. o‘zining qo‘l telefoniga videotasvirga olib, tanishi T.R.ga, u esa bu videoni Qiziltepa tumanidagi tanishlariga yuborgan.
Bundan tashqari, 2020 yil 4 oktyabr kuni fuqaro S.Sh. fermer xo‘jaligi rahbari J.N.ning xonadoniga bir kun oldingi holatga oydinlik kiritish maqsadida borganida fermerning otasi 52 yoshli N.V. o‘zaro vujudga kelgan tortishuvdan so‘ng S.Sh.ning turli joylariga urib, tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Qiziltepa tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi va 138-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Surishtiruv davom etmoqda.