Oila ajrashishdi, kim aybdor?

Bu savol hamma davrda, hammani o‘ylantirib kelgan. Ming afsuski, javoblari ham har xil, ya’ni har kim o‘zini oqlaydi. Vaholanki, oilaning baxti, bu – jamiyatning baxti, oilaning muammosi bu – jamiyatning muammosi. Shu sababli davlatimiz rahbari taklif etayotgan g‘oyalar va loyihalarda asosiy maqsad – oila ajrashishini keltirib chiqaradigan omillarga qarshi kurashishga bag‘ishlangan. Bu eng avvalo, yosh yigit-qizlarni, kasbli, hunarli, bilimli, daromad manbayiga ega, ro‘zg‘or yuritishga tayyor bo‘lishi bilan bog‘liq. Ikkinchi tomondan esa oilada tenglikni yaratish, hamkorlikda fikr yuritish masalasi qo‘yilgan.
Viloyat rahbari A.Boboyev ishtirokida yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishda oilalar ajrashishi bilan bog‘liq masala atroflicha muhokama etildi. Ularning sabablari ochiq-oydin aytib o‘tildi. Jumladan, 2025 yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida tumanimizda 88 ta ajrim qayd qilingan. Bu o‘tgan yilning shu davrdagiga nisbatan 29 taga ko‘p demakdir. Albatta, bu raqamni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunmaslik kerak, negaki, oldingi yillardan qolib kelgan yoki hal bo‘lmay turgan ajrimlarga ham shu yil nuqta qo‘yganmiz. Lekin bunday raqam har qanday sharoitda ham bizni o‘ylantiradi. Har bitta ajrim uchun mas’uliyatimiz borligini unutmasligimiz kerak.
Bu holni men o‘zimcha tahlil qilib ko‘rdim. Bu ajrimlarning sabablari bitta emas. Misol uchun, bir tomondan, ayrim yigit-qizlar hali oilaga tayyor emas. Ular ota-onalarining taklifi yoki qistovi bilan turmush qurishgan. Bizning tumanda farzandi ko‘p oilalar ularning mas’uliyatidan tezroq (o‘z vaqtida emas!) «qutilish» haqida ham o‘ylashi sir emas.
Ikkinchi tomondan, farzandsizlik ham ajrimlarga sabab bo‘lyapti. Odatda bunday holda ko‘proq iddao ayolga qaratiladi, lekin buning sababi ikkala tomonda ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun oila qurishga yaqinlashgan yoshlarimizning tibbiy holatini o‘rganib tekshirtirib turish shart deb hisoblayman. Arzimagan bir e’tiborsizlik dardning keskinlashishiga, natijada esa oilaning buzilishiga olib keladi.
Xorijga borib ishlab kelish, ya’ni migratsiya ham oilalar ajrashishining sabablaridan biri bo‘lyapti desam, xato qilmayman. Yana o‘sha bilimsizlik, kasbning yo‘qligi, ishga borganda asosiy maqsaddan chekinish ana shu holatga olib kelyapti. Arzimagan xabarlardan, munosabatlardan er-xotin o‘rtasiga darz ketyapti.
Shu o‘rinda bir fikrni aytib o‘tmoqchiman. Ayrim mamlakatlarda oila, shaxs bilan bog‘liq munosabatlarni oshkor qilganligi, ayniqsa g‘ayirlik sabab yolg‘on axborotlar tarqatilishi qonun bilan cheklangan, jazosi ham og‘ir. Biz ham ikkilanmasdan ana shu choralar haqida o‘ylashimiz kerak. Negaki ijtimoiy tarmoqda namoyish qilinayotgan xayosizlik, g‘ayirlik juda ko‘plab oilalar halokatiga sabab bo‘lyapti. Ba’zan bu ishni jilolash imkoni topilmayapti. Demak, uni qonun yo‘li bilan to‘xtatishimiz zarur.
Har gal er-xotin ajrashishi haqida dalolatnomalarga imzo chekayotganda yuragim og‘riydi. Ayniqsa, o‘zim nikoh guvohnomasini topshirgan oilalar shunday holatga tushganda juda achinaman. Ba’zan tushuntirish-u nasihatlarim kor qilmaydi ularga. Demak, ular ota-ona tomonidan hayotga yetarlicha tarbiyalanmagan yoki ro‘zg‘or qilishgandan so‘ng ota-onasi e’tiboridan chetda qolgan.
Albatta, bunday hollarga tomoshabin bo‘lib turganimiz yo‘q, qo‘limizdan kelgancha harakat qilyapmiz. Mahalla, ichki ishlar idoralari, oilalar Kengashi bilan hamkorlikda profilaktika ishlarini olib boramiz. Biroq, g‘isht qolibdan ko‘chgandan keyin ko‘ngillarini isitish oson emas, targ‘ibot ham kor qilmay qoladi. Shunday ekan, bolani avvalo oilaning o‘zida hayotga tayyorlamoq darkor. Toki ular qoqilganda dovdiramaydigan, yetishmovchilikda nola qilmaydigan, biri jahl qilganda ikkinchisi sabr qiladigan darajada shakllansinlar. Aynan ana shu hislatlarni vujudga keltirish eng avvalo ota-onaning muqaddas burchidir.
Gulchiroy YoRQULOVA,
Qo‘shrabot tuman FXDYo bo‘limi mudirasi.