OITS: “+90+90+90” yoki davolanish ko‘rsatkichi oshdi. Natija-chi?
OITS haqida bir paytlar nafaqat aholi, balki ommaviy axborot vositalarida ham allaqanday qo‘rquv va mavhum hodisa haqida gapirilganday fikr bildirilardi. Bu esa kasallikning yanayam keng tarqalishiga, xastalarning esa davolanmay, o‘z hayotini qisqartirishiga, yaqinlari, atrofdagilarni xavf ostiga qo‘yishiga sabab bo‘lardi. Bugun bu xastalik, afsuski, oramizda, u haqda bemalolroq gapirishimiz esa yaxshi.
OITS bilan xastalanganlarni davolayotgan mutaxassisdan bugun bemorlarni davolashga qanday jalb qilish haqida emas, balki davolash bo‘yicha qanday yangi shart-sharoitlar yaratilayotgani haqida so‘raymiz.
Viloyat OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori, Samarqand davlat tibbiyot instituti epidemiologiya kafedrasi mudiri Zokir UMRZOQOV bilan shu mavzuda suhbatlashdik.
- Mazkur xastalikka qarshi kurashish dunyo miqyosidagi asosiy masalalardan biri sanaladi. Bu jarayon Samarqandda qanday kechmoqda?
- 2020-2021 yil USAID tashkiloti tomonidan OIV/OITS pandemiyasini tugatish “Tengsizlikni yo‘q qilish, OITSni tugatish, pandemiyani to‘xtatish” shiori ostida o‘tmoqda.
Butun dunyoda OITS pandemiyasini tugatish maqsadida Parij deklaratsiyasida “+90+90+90” tamoyili qabul qilindi. Parij deklaratsiyasini amalga oshirish maqsadida 2020 yilda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun USAID rahbari va Samarqand shahar hokimi tomonidan katta shaharlarda OITS epidemiyasini to‘xtatish bo‘yicha deklaratsiya imzolandi. Shu asosida OITSni tugatish, barcha odamlarga sifatli hayot ko‘rsatkichini yaxshilashga yo‘naltirilgan profilaktika, davolash, parvarishlash yo‘lga qo‘yilgan.
“+90+90+90” tamoyili nima degani? Ushbu tamoyilga ko‘ra, 90 foiz OIV infeksiyasi bilan zararlanganlar o‘z maqomini (OIV bilan zararlanganligini) bilishi, 90 foiz OIV bilan zararlanganlarning virus yuklamasi miqdori past darajada bo‘lishi va 90 foiz OIV bilan zararlanganlar o‘ta faol ARV (antiretrovirusga qarshi) dori vositalari bilan qamrab olinishi belgilangan. Shuningdek, 2030 yilga borib bolalar o‘rtasida OITS pandemiyasini tugatishga erishish ko‘zda tutilgan.
- Demak, viloyatda ushbu ko‘rsatkichga erishish yo‘lida aniq ishlar olib borilyapti, shundaymi?
- Shunday. 2021 yilda OIV infeksiyasi bilan dispanser nazoratiga olingan bemorlarning 76,3 foizi o‘ta faol ARV, ya’ni antiretrovirus terapiya kursi bilan qamrab olindi. Bu ko‘rsatkich 2018 yilda 52,4 foizni tashkil etgan edi. Yaqin kelajakda, ya’ni 2025 yilga borib ko‘rsatkichni 95 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda OIV bilan yashovchi shaxslarning 93,7 foizi, shu jumladan, dispanser nazoratida turgan shaxslarning barchasi kasalligi bo‘yicha o‘z maqomini biladi.
- OIV infeksiyasini erta aniqlash uchun dunyo standartlariga mos keladigan asbob-uskunalarga ega bo‘lish asosiy rolni o‘ynaydi. Bu borada siz rahbarlik qilayotgan markazda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
- Viloyatda ayni paytda OIV infeksiyali bemorlarni faol aniqlash uchun 8 ta IFA analizator, 8 ta vosher, 8 ta redir kompyuter va printer moslamasi, bemorlarda virus yuklamasini aniqlash uchun 2 ta roter G ishlatilmoqda. Bular so‘nggi rusumdagi texnologiyalar. Shuningdek, viloyat hokimligi yordamida 96 talik DNK texnologiyali roter apparatlari xarid qilindi. Buning natijasida OIV statusli bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga erishilmoqda.
Bemorlarning immun statusini aniqlash uchun 2 ta sitoflyurometr zamonaviy apparatdan foydalanilmoqda. OIV bilan zararlangan bemorlarning qon tahlilini aniqlash uchun gemotologik, biokimyoviy va siydik analizatorlari jamlanmasi ishlatilmoqda.
2020 yilda Global jamg‘armasi tomonidan GENEXperte apparati ajratildi va OIV bilan yashovchi shaxslarning virus yuklamasi va sil tayoqchalarini erta aniqlash yo‘lga qo‘yildi.
2021 yilda mahalliy byudjet hisobidan 20 million so‘mga 2 dona termostat, 2 dona quritish shkafi xarid qilindi. Markaz binosi ta’mirlandi va barcha shart-sharoitlarga ega bo‘ldi.
Zamonaviy texnologiyalarni yuritish, yangicha ishlash mexanizmlaridan boxabar bo‘lish uchun xodimlarning qo‘shimcha o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilganmi?
- Albatta, bu kasallikni davolash doimiy izlanishni talab etadi. 2021 yilning mart oyida Markaziy Osiyo o‘quv markazi tomonidan “OIV va gemokontakt infeksiyalar bo‘yicha” 15 nafar trener tayyorlandi. Milliy trenerlar tomonidan 287 nafar vrachlar va 250 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari “OIV va gemokontakt infeksiyalari” mavzusida malaka oshirdi.
O‘zim shu yilning sentyabr oyida Rossiya Federatsiyasida malaka oshirdim. Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti o‘qituvchilari tomonidan markazning 30 nafar xodimi kasbiy malakasini oshirdi.
- Profilaktik nuqtai nazardan targ‘ibot – bu xastalikning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Bu masalada yangicha yondashuvlar bormi?
- Yoshlarni ogohlikka chaqirish ma’nosidagi an’anaviy uchrashuvlar, davra suhbatlari barcha ta’lim muassasalarida doimiy ravishda o‘tkazib kelinadi. Shuningdek, keyingi paytlarda profilaktika maqsadidagi targ‘ibotlarning boshqa shakllari ham o‘tkazilayotir. Xususan, bu yil “Biz yoshlar OITS va giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostida 5000 qadam yurish marafoni o‘tkazildi.
Shuningdek, aholining turli qatlamlari o‘rtasida doimiy ravishda suhbatlar olib borilyapti, OIV profilaktikasi bo‘yicha videorolik namoyish etilmoqda. Aholi, ayniqsa, yoshlarning OIV infeksiyasi bo‘yicha tibbiy madaniyatini oshirish maqsadida markaz tomonidan ishlab chiqilgan bukletlar tarqatilmoqda.
G.Mo‘minova suhbatlashdi.