OITSni yuqtirishga sabab bo‘lgan fuqarolarga jinoiy ish qo‘zg‘atiladi
Past Darg‘om tumanida yoshlar o‘rtasida OITSning oldini olish yuzasidan o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida mutaxassislar tomonidan kasallik va uning oqibatlari haqida ma’lumotlar berildi, ehtiyotkorlikka chorlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bosh boshqarmasi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tezkor vakili, podpolkovnik Farhod Narzullayev so‘zga chiqib, OITS kasalligining oldini olish bo‘yicha respublika Ichki ishlar vazirligida OITSga qarshi kurashish bo‘limi tashkil etilganligi va bu borada targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida ma’lumotlar berdi. Shu bilan birga OITS kasalligini yuqtirishga sabab bo‘lgan fuqarolarga jinoiy ish qo‘zg‘atilishi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Kasallikning inson hayoti uchun nechog‘lik xavfli ekanligi, uning oldini olish uchun olib borilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
- OIV infeksiyasi, bu - odam immunitet tanqisligi virusi bilan zararlanish oqibatida kelib chiqadigan kasallikdir. Infeksiyaning asosiy xususiyati - immunitetning zararlanishi bo‘lib, uning natijasida odam organizmi vaqt o‘tgan sayin ko‘plab kasalliklar oldida himoyasiz bo‘lib qoladi, - deydi viloyat OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokori Zokir Umirzoqov. - Kasallik virusining manbai bemor va odam immuniteti tanqisligi virusini tashib yuruvchi shaxslar hisoblanadi. Epidemiologik jihatdan virus tashib yuruvchilar bemorlarga nisbatan havfliroqdir. Chunki ular kasallikning yashirin davrida hech qanday kasallik alomatlarini sezmaydi, hatto o‘zlarini OITS virusi bilan zararlanganligini ham bilishmaydi. Bir qarashda sog‘lom ko‘ringanlari bilan ular kasallikning yashirin davrida boshqa shaxslarga kasallik virusini turli yo‘llar bilan yuqtirishi mumkin.
Ishtirokchilar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.