Olib qo‘yilgan yer uchastkalariga kompensatsiya berish qonun bilan tartibga solindi
2022 yil 29 iyun kuni “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Unda jismoniy va yuridik shaxslarga egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi hamda ushbu yer uchastkasi, unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlarining huquq egalariga kompensatsiya berish tartib-taomillari belgilandi.
Qonunda yer uchastkalarining kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga asos bo‘ladigan holatlarning ro‘yxati ham ko‘rsatilgan:
- mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun yerlar berish;
- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
- foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);
- respublika ahamiyatiga hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yo‘llarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya ob’yektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temir yo‘l transporti ob’yektlarini, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimining muhandislik ob’yektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat ob’yektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish) uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi mumkin.
Shuningdek, qonunda yer uchastkalarining har qanday boshqa maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish qat’iyan taqiqlandi.
Buzilishga tushgan hududda joylashgan yerga bo‘lgan huquq mavjud bo‘lmay turib, o‘n besh yil davomida ko‘chmas mulkka halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib kelgan shaxslarga ham ushbu ko‘chmas mulk ob’yekti uchun soliqlar to‘lab kelingani tasdiqlangan taqdirda, mazkur ko‘chmas mulk ob’yekti qiymatining o‘rni qoplanishi ko‘zda tutilgan.
Qonunga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar huzurida kompensatsiya komissiyalari tuzilib, komissiyalar kompensatsiyalar o‘z vaqtida to‘liq hajmda berilishi ustidan muntazam monitoring va berilgan kompensatsiyalarning hisobi yuritilishini ta’minlashda asosiy rol o‘ynaydi. Ya’ni, kompensatsiyalar o‘z vaqtida va to‘liq berilmagan holatlarda tegishincha mahalliy Kengashlarga axborot kiritish vakolatlari ham mavjud.
Qonunda olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektini buzish to‘g‘risida qaror qabul qilish tartibi ham aniq ko‘rsatilgan bo‘lib, olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlarini buzish haqidagi qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat bo‘lgan ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinishi belgilangan.
Jamoat ehtiyojlariga olib qo‘yiladigan yer uchun beriladigan kompensatsiya turlari va manbalari aniq qilib ko‘rsatilgan, beriladigan kompensatsiya turlari, turar joylarni va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarni vaqtinchalik ijaraga olish uchun pul mablag‘lari, boshqa ko‘chmas mulk ob’yektini mulk qilib berishdan iboratligi ham o‘z aksini topgan.
Bulardan tashqari, qonun bilan bitta mahalla yoki ko‘chada yashovchi huquq egalari va ularning oila a’zolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, huquq egalarining xohishiga ko‘ra, ularga bitta mahalla yoki ko‘chada joylashgan yangi uylar (bitta ko‘p kvartirali uydagi kvartiralar) berilishi belgilanmoqda.
Bular jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga yer uchastkalarini olib qo‘yish masalalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yaxlit qonun bilan tartibga solinishiga, nizoli vaziyatlarning oldi olinishi va mulk egalarining huquqlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bahodir Qarshiyev,
viloyat hokimligi yuridik xizmat bosh yuriskonsulti.