Olibsotarlik kasb emasmi?

Albatta, to‘g‘ri angladingiz, gap bozorlarda shu xizmat bilan shug‘ullanuvchilar haqida bormoqda. Esimni tanigandan buyon bu «kasb» egalari to‘g‘risida iliq gap eshitmaganman. Lekin ular bunday gap-so‘zlarga parvo qilishmaydi, savdosini davom ettiraverishadi. Chunki shuning orqasidan ro‘zg‘orini butlaydi, tirikchilik qiladi. Ochig‘i, bu toifa kishilar orasida juda boyib ketganini ham ko‘rmaganman.
Ularning biri bilan suhbatlashib, daromadini so‘radim. «Siz ham ayrimlar kabi bizni yulg‘ich deb o‘ylaysiz, shekilli» deb xafa bo‘ldi. So‘ng bir kunlik daromadini hisoblab berdi.
- Aytaylik, ertalab soat beshda kelib, dehqon bilan kelishaman. O‘ylamang, hozirgi dehqon ham anoyi emas, molini arzon garovga bermaydi. Yillar davomida shakllangan odat: unga naqd pul kerak, kun bo‘yi bozorda o‘tirishga vaqti yo‘q. 200 kilogramm sabzini ming so‘mdan gaplashaman. Uni avval katta-kichik turga ajrataman, bir qismini suvda yuvib olaman, ko‘rinishi chiroyli bo‘lsin, deymanda. Besh kilosi laboratoriya, yeb ko‘ruvchi va yana shunaqa donalab teruvchiga ketadi. Kamida 20 kilosi tushdan keyin ming so‘mdan sotiladi. 15 ming so‘mmi bu? Xo‘sh, qolganini 1500 so‘mdan sotaman, daromad – 277 ming 500 so‘m bo‘ladi. Chipta puli va tarozi pulini qo‘shing. Bitta mardikorning daromadiga baravar, to‘g‘rimi? Xarajat qilmayin deb, oshxonadan ovqat yemayman, uydan biror narsa olib kelaman. Agar to‘y yoki ma’raka qilguvchilar kelmasa, kech 5-6 largacha sotaman. Saratonning issig‘i, qishning sovuq kunlarida tik oyoqda turishni ham hisobga oling. Hamma ham uddalay olmaydi buni.
Darhaqiqat, xorijda ham ko‘p bor guvoh bo‘lganman: guruch yetishtirgan, baliq ushlagan tadbirkor bozorda o‘tirmaydi. Bu mahsulotni sotuvchilar esa doimo ularni saralash, qayta ishlash, xaridorga turli ko‘rinishda yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Ular shuni kasb qilib olishgan.
Paxtachidagi Yobu qishlog‘ida 200 dan ortiq kishi yil bo‘yi pomidor, bodring, limon yetishtiradi. Lekin birortasi bozorda o‘tirib savdo qilmaydi. Mijozlar mahsulotni uydan kelib olib ketishadi. Shuning uchun ayrimlarning «bozordagi narx-navoni olibsotar qimmatlashtiryapti», degan iddaosiga qo‘shilmayman. Nima, supermarketlar go‘shtni qimmatlashtirmayaptimi? Mahallalarda arava va mashinada qishloq xo‘jalik mahsulotlari sotib yurganlar ham dehqon emas.
Bir o‘ylab ko‘ring, tayyorlov idorasi, birjalar, rieltorlik faoliyati olib sotarlik emasmi? Nega biz dehqon bozorlarida bu kasbni rasmiylashtirmayapmiz. Yoki supermarket, do‘konlardagi meva-chevalarni qaysi dehqon sotyapti?
Dehqonga manfaat kerak, pul kerak. U mahsulotini o‘z vaqtida, kerak bo‘lsa, paykaldan sota bilsin. Buning uchun tayyorlov idoralari, qayta ishlovchilar, logistika bilan shug‘ullanadiganlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri dehqon bilan ishlasin. Olibsotarlarga ham shunday sharoit yaratish va mas’uliyat yuklash kerakki, ular mahsulotni paykaldan saralab olib kelsin, yetishtiruvchi bilan darhol hisob-kitob qilsin. Eksportchilarga ham shunday talab qo‘yilsa bo‘ladi. O‘shanda «ixtiyori-majburiy» yarmarkalarga o‘rin qolmaydi.
Bozorda savdo qiluvchilar (eslang, Buyuk Ipak yo‘lida ham ular asosiy vazifani bajarishgan), avvalo madaniyat va muomalani o‘rganishga, tovar ko‘rinishini yaxshilashni, aholi talab va ehtiyojini o‘rganishga majbur. Ularga iddao qilganimizning foydasi yo‘q. Yaxshisi, ular faoliyatini qonunlashtirib beraylik.
Farmon TOShEV.