Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tanlov e’lon qiladi
“Harakatlar strategiyasi, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi ijrosida NNTlar faolligini qo‘llab-quvvatlash” mavzusida Davlat grantlari ajratish uchun tanlov e’lon qiladi.
Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha buyurtmanomalari qabul qilinadi:
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksa fuqarolarni, nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilishni takomillashtirish, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘lamini kengaytirish va sifatini oshirishga ko‘maklashish;
- jazoni o‘tash joylaridan ozod qilingan, avf etilgan shaxslarni, muqim turar joyga ega bo‘lmagan shaxslarni jamiyatga ijtimoiy integarsiyasi va reabilitatsiyasiga qaratilgan dasturlarni davlat organlari bilan hamkorlikda amalga oshirish;
- aholining, eng avvalo, ko‘makka muhtoj xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat organlari bilan hamkorlikda qo‘shma ish rejalarni hayotga tatbiq etish;
- mahallalarda, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar, o‘z joniga qasd qilish, giyohvandlik, erta nikohningoldini olishda davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;
- aholini, ayniqsa, yoshlarni giyohvandlik, axloqsizlik va zararli ta’sirdan himoya qilishda ta’lim muassasasi, oila va mahalla institutlari bilan ijtimoiy hamkorlikni kuchaytirish;
- notinch va noqobil oilalar bilan ishlash, oilada ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarni oldini olishga, oilada sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashga ko‘maklashish;
- mahallalarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishga, murosasizlik muhitini shakllanishiga ko‘maklashish, ijtimoiy sheriklik asosida obod va xavfsiz mahallani tashkil etishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish;
- Orol halokatining atrof-muhitga va aholi salomatligiga salbiy ta’sirini yumshatishga, Orolbo‘yi hududlarida ekologik vaziyatni tiklashga va sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish;
- noqonuniy mehnat migratsiyasidan, majburiy mehnat va kamsitishlardan jabrlangan shaxslarni huquqiy va ijtimoiy himoyalash, tizimli profilaktik targ‘ibot-tashviqot va reabilitatsiya qilish;
- aholi bandligini ta’minlash maqsadida hududlarda ijtimoiy va maishiy infratuzulmani yaratishga, oilaviy biznes, xususiy tadbirkorlik, kasanachilik, xalq hunarmandchiligi rivojlantirishga hamda aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilashga ko‘maklashish;
- davlat organlari va biznes sub’yektlari bilan hamkorlikda yoshlar, ayollar va yosh oilalarning bandligini ta’minlash;
- ijtimoiy muammolarni hal etishda davlat organlari va tadbirkorlik sub’yektlarni keng jalb etish borasidagi ijtimoiy sheriklikni qo‘llab quvvatlashga ko‘maklashish;
- “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirish jarayonlarini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlari, islohotlarning aniq natijalarini, elektron va bosma OAV keng yoritishini qo‘llab quvvatlash;
- O‘zbekiston Respublikasining asosiy xalqaro reytinglardagi o‘rnini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni tizimli tahlil qilishga, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijalari haqidagi ma’lumotlarni xalqaro reytinglarni tuzuvchilarga yetkazishda ko‘maklashish;
- davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar talablarini ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash.
Davlat granti tanlovida ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati;
- www.fundngo.uzveb-saytida joylashtirilgan shaklda to‘ldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza;
- Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan Ustav (Nizomi) hamda guvohnomaning muhr bilan tasdiqlangan nusxasi;
- Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi taqdim etiladi.
- Manfaatdor davlat va yirik jamoat tashkilotlari bilan tuzilgan ijtimoiy sheriklik qo‘shma rejalari ilova qilinishi mumkin.
Bitta loyiha uchun davlat granti miqdori – 30 mln. so‘mgacha.
Hujjatlar 2019 yil 28 martdan 30 aprelgacha qabul qilinadi.
Hujjatlar “Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi” nomiga: 100163, Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 43-uy manziliga “O‘zbekiston pochtasi” orqali muhrlangan konvertda (A4 formatda) yuborilishi shart.
Hujjatlar namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining www.fundngo.uz rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.
Ma’lumot uchun telefonlar:
(0-371) 239-26-76, 239-26-86.
O‘zA