Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili: Samarqanddagi 60 o‘rinli hibsxonada 160 nafar shaxs saqlanmoqda

Joriy yilning 20 aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili viloyatdagi Ma’muriy tartibda hibsga olingan shaxslarni saqlash uchun Maxsus qabulxonaga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Unda “Yuksalish” umummilliy harakatining viloyat bo‘linmasi bosh mutaxassisi ham ishtirok etgan.

Monitoring tashrifi amalga oshirilgan kun holatiga ko‘ra qabulxonada 161 nafar hibsga olingan shaxslar saqlanmoqda. Ulardan 8 nafari ayol va qolgan 153 nafari erkaklar ekanligi aniqlandi.

Aslida 2020 yilda tashkil etilgan mazkur muassasaning sig‘imi 60 nafar shaxsga mo‘ljallangan. Lekin, amaliyotda 60 nafar emas 160 nafar shaxslar saqlanmoqda.

Maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari o‘rganilganda kamchiliklar aniqlandi va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berilgan.

Saqlanuvchi shaxslarning yuvinish xonalari yangidan qurilgan bo‘lib, bu bo‘yicha kamchilik aniqlanmadi.

Saqlanuvchi shaxslarning madaniy dam olishlari va yaqin qarindoshlari bilan uchrashishlari uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilganda Maxsus qabulxonada madaniy dam olishlari uchun alohida xonalar ajratilgani va 10 nafar mahkumga mo‘ljallangan kutubxona mavjud ekani aniqlandi. Unda 150 ta turli badiiy va huquqiy adabiyotlar bor.

Shuningdek, monitoringda Maxsus qabulxonada saqlanuvchi shaxslarning yaqin qarindoshlari uchun tashkil etilgan uchrashuv xonalari ko‘zdan kechirildi. Qisqa muddatli uchrashuv xonalarining soni atiga 1 ta bo‘lib, bu 20 aprel holatiga ko‘ra saqlanayotgan 160 nafar mahkum uchun yetarli emas. Natijada ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlarni tashkil etishda uzoq navbatlar vujudga kelmoqda. Shu nuqtai nazardan Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan qisqa muddatli uchrashuv xonalarini ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Maxsus qabulxonada saqlanuvchi shaxslarga 2 ta xonadan iborat telefon xonasi ajratilgan. Telefonlashish uchun to‘lov xizmati Maxsus qabulxona tomonidan to‘lanadi, deyiladi, monitoring tashrifi yakuni bo‘yicha xabarda.