Oliy o‘quv yurtlarida 2021 yil 11 yanvardan an’anaviy ta’lim shaklida darslar boshlanadi
Samarqand davlat tibbiyot institutining barcha fakultetlarning 1-3-kurs talabalari o‘qishni an’anaviy tarzda davom ettiradi. Darslar to‘liq dezinfeksiya choralari ko‘rilgan holda 2 navbatda olib boriladi.
Boshqa oliy ta’lim muassasalaridan farqli tibbiyot oliygohida talabalar 12 nafardan tashkil qilingan guruhlarda o‘qiydi.
Mazkur institutda talabalarni an’anaviy ta’limga jalb qilish bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Jumladan, 2020 yilning 2 oktyabridan 2-kurs klinik ordinatura, 5 oktyabrdan 2-, 3-kurs magistratura va 1-kurs klinik ordinatorlariga an’anaviy darslar tashkil etildi. 12 oktyabrdan esa bitiruvchi kurslar, 1-kurs magistratura va xalqaro tibbiy ta’lim fakultetining qo‘shma dasturlari asosida qabul qilingan 1-kurs talabalariga, 2 noyabrdan bakalavriatning 4-, 5-kurs talabalariga an’anaviy o‘qish boshlangan edi.
***
Samarqand davlat chet tillar institutining bakalavr ta’lim yo‘nalishlarida 6 ming 343 nafar (shundan 823 nafar kechki ta’lim shaklida) shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida 118 nafar talaba tahsil olmoqda. Magistratura mutaxassisliklarida 330 nafar magistrant o‘z ilmiy izlanishlarini davom ettirmoqda.
11 yanvardan magistratura hamda bakalavriatning barcha bosqichlarida ta’lim oluvchi talabalar uchun an’anaviy dars mashg‘ulotlari boshlanadi. Darslar uch navbatda tashkil etiladi. Birinchi navbat ertalab soat 8:30 dan 12:50 ga qadar, ikkinchi navbat soat 13:00 dan 17:20 ga qadar, uchinchi navbat soat 17:30 dan 20:20 ga qadar davom etishi belgilangan.
Hozirda institutning 4 ta asosiy o‘quv binosi mavjud bo‘lib, 3524 o‘ringa mo‘ljallangan.