Oliy sudning Samarqand viloyatidagi sayyor qabulida 21 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining sayyor qabullar o‘tkazish haqidagi topshirig‘iga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari I.Muslimov va Oliy sud sudyalari tomonidan bugun Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazilgan sayyor qabulda jami 89 nafar fuqaro qabul qilindi.

Qabul qilingan fuqarolarning 32 nafari jinoyat ishlari bo‘yicha, 29 nafari fuqarolik ishlari bo‘yicha, 27 nafari ma’muriy ishlar buyicha va 1 nafari iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlarga murojaat qilishdi.

Shundan 24 nafar fuqaroning og‘zaki murojaati, 65 fuqaroning yozma murojaati qabul qilindi.

Jami 89 ta murojaatdan 24 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi, 65 ta murojaat joyida ijobiy hal etilib qanoatlantirildi.

17 ta murojaat bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan nazorat tartibida va viloyat sudlariga taalluqliligi bo‘yicha hal qilish uchun qabul qilindi va barchasi qanoatlantirilib, tegishli sudlov hay’atlariga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazildi.

48 ta murojaat quyidagicha ijobiy hal qilindi:

- jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi tomonidan 9 ta, Kattaqo‘rg‘on tumani sudi tomonidan 3 ta, Paxtachi tumani sudi tomonidan 9 ta, jami 21 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilindi;

- 6 nafar fuqaro tashakkurnoma bildirdi;

- 1 nafar murojaat joyida qanoatlantirilib, sud qarori berildi;

- shuningdek, 20 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ishlar sayyor sud majlisida ko‘rilib, ularning murojaati qanoatlantirildi va MJtKning 271-moddasi 1-qismi va 21-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilindi.

Shu bilan birga Oliy sud raisi o‘rinbosari I.Muslimov tomonidan 2020 yil 10 noyabr kuni Samarqand tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda murojaat qilgan B.Bahronbekovning onasi F.Boboqulovaga oid jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud hukmi ijrosini vaqtinchalik to‘xtatib turish haqidagi vaji qanoatlantirilib, sud hukmi ijrosi joyida to‘xtatildi.