Oliy ta’lim muassasalariga mustaqillik, xodimlarga qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish imkoniyati berilmoqda

2020 yil 26 avgustda Vazirlar Mahkammasining “Respublika oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va boshqa toifadagi xodimlarini byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan “Respublika oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va boshqa toifadagi xodimlarini byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.

Ushbu nizomda ko‘zda tutilishi bo‘yicha, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va boshqa toifadagi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish pul mukofotlari ko‘rinishida, shuningdek, mehnat faoliyatida yuqori ijodiy va ishlab chiqarishdagi erishgan yutuqlari uchun oliy ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan asosiy ish haqiga ustama va qo‘shimcha haqlar belgilash orqali byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Yuqoridagi Nozim bo‘yicha professor-o‘qituvchilarga pul mukofotlari, ustamalar va qo‘shimcha haqlar miqdori har bir xodimning oliy ta’lim muassasasi faoliyati samaradorligi va natijadorligini hamda raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan nufuzini oshirishga qo‘shgan shaxsiy hissasiga qarab belgilanadi, deyilgan. Bu borada Samarqand iqtisodiyot va servis institutining tajribasi ommalashtirishga loyiq, deb hisoblaymiz. Xususan, mazkur institutda bir vaqtning o‘zida keksa professor-o‘qituvchilar salohiyatidan samarali foydalanish va ularning salomatligini asrash maqsadida, pandemiya sharoitida uyda qolib ishlaydigan juda ibratomuz ishlar amalga oshirildi.

Birinchidan, ularning pandemiya sharoitida sog‘liqlarini saqlash uchun uydan chiqmasdan faoliyat ko‘rsatish maqsadida yuklamalarini auditoriyada emas, uyda bajarish imkoniyatlari yaratib berildi. Buning uchun darslik, o‘quv qo‘llanmalari, monografiya kabi o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tayyorlash bo‘yicha har bir qilingan ishlarga soat belgilab, yuklamasini shunday xayrli ishlar bilan to‘ldiradigan bo‘ldi.

Ikkinchidan, yetakchi professorlarga “Ustoz-shogird” tamoyili asosida fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini yoqlatganlari uchun ham soat beriladigan bo‘ldi. Bu ham ijobiy ko‘rsatkichlardan biri sifatida baholanmoqda. Chunki shu yo‘l bilan institutning ham, professor-o‘qituvchilarning ham reytingi oshadi.

Uchinchidan, SCOPUSga, nufuzli xorijiy va OAK e’tirof etgan jurnallarga chiqargan ilmiy maqolalari uchun ham soat ajratiladigan bo‘ldi. Bu yo‘l bilan ham uydan turib yuklamani bajarish uchun va institut reytingini oshirish uchun katta imkoniyat yaratildi.

To‘rtinchidan, ilmiy-tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish, amaliyotdagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar bilan xo‘jalik shartnomalarni tuzish asosida faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilarga tuzgan shartnomasi qiymatiga qarab soat ajratilishi, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-nazariy g‘oyalarini amaliyotga joriy qilish uchun ham katta imkoniyat bo‘ldi.

Beshinchidan, patent va dasturiy vositalar yaratish ham e’tibordan chetda qolmadi. Ushbu ishlar uchun har biriga ma’lum miqdorda soat belgilanishi uyda turib ko‘p qirrali faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatining yaratilganligidan dalolat beradi.

Oltinchidan, agar har bir tadqiqotchi ilmiy ishlarini himoya qiladigan bo‘lsa ham, katta miqdordagi soatga ega bo‘ladi. Bu professor-o‘qituvchilar uchun katta imkoniyat. Ayrimlarining dissertatsiyalari tayyor, ammo u yoki bu sabablar bilan yoqlamasdan qolgan. Bular ham ishini oxiriga yetkazib, bugungi kun talabiga moslashtirib, masofadan turib yoqlashi mumkin. Bunda ham dissertatsiyasi yoqlanib, o‘zi ilmiy darajaga ega bo‘lsa, yana bir qulaylik - katta soat yuklamani bajargan bo‘ladi.

Yettinchidan, uyda turib tadqiqotchilarni va magistrlik ishlariga rahbarlik qilib, ularni ham yoqlatish tegishli tarzda yuklamani bajargan hisoblanadi. Bu ishlarning hammasi mavjud imkoniyatdan oqilona foydalanish qulayligini yaratadi. Tajribali o‘qituvchilarning vaqtidan samarali foydalanish uchun aynan shunday yo‘lni tutish kerak edi.

Yana bir muhim jihat, yetakchi professor-o‘qituvchilardan institut qoshidagi Tambov davlat universiteti bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatayotgan Samarqand iqtisodiyot ilmiy maktabi faoliyatidan ham samarali foydalanish mumkin. Ushbu ilmiy maktab huzurida “Pedagogik mahorat maktabi” tashkil qilingan. Vaqti-vaqti bilan yosh pedagoglarga yetakchi professor-o‘qituvchilar tomonidan qat’iy grafik asosida dars o‘tish va ilmiy ishlarni tayyorlash bo‘yicha suhbatlar uyushtib, tajriba almashishlarni amalga oshirib borish ham maqsadga muvofiq.

Shuningdek, qaror bilan kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qarab bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbatining cheklangan normativlari oshirildi. Bu quyidagicha belgilangan:

 2009/2010 o‘quv yilidan boshlab – 1:10,5;

 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab – 1:12,0;

 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab – 1:14,0;

 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab – 1:16,0 nisbatda belgilanib, oliy ta’lim muassasasi kengashlariga zarur hollarda, mazkur nisbatlarni 50 foizgacha o‘zgartirish vakolati berildi. Bu ham har bir o‘qituvchiga yuklamaning oshishiga olib keladi. Shu tufayli hazirgi sharoitda yuklamaning hammasi auditoriyada amalga oshiriladigan bo‘lsa, auditoriyada dars o‘tadigan o‘qituvchilarning boshqa ilmiy-tadqiqot va metodik ishlari bilan shug‘ullanishga vaqti qolmaydi. Shu tufayli, yuklamalar tarkibiga auditoriya soatlari bilan birga hozirgi keksa professor-o‘qituvchilarga berilgan soatlarni hammaga joriy qilish lzim. Bunda 30-40 foiz yuklamasi o‘quv va ilmiy adabiyotlarni hamda dars o‘tish uchun uslubiy ishlarni tayyorlashga mo‘ljallansa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Shuningdek, yuqoridagi Nizomda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning 30 foizdan ko‘p bo‘lmagan qismi ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilar tarkibi va boshqa toifadagi xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga sarflanishi mumkinligi e’tirof etilgan. Bunda moddiy rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar oliy ta’lim muassasasining moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, birlamchi xarajatlarni qoplaganidan so‘ng amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu ham asosiy ish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni rag‘batlantirish imkoniyatlarini yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, har qanday vaziyatda, har qanday muammoning qulay va samarali yechimini topish mumkin. Xuddi shunday yechim bugungi kunda Samarqand iqtisodiyo va servis institutida topildi, deb o‘ylaymiz. Chunki institutda qo‘llangan tadbir bugungi pandemiya sharoitida keksa professor-o‘qituvchilarni uydan chiqmasdan tegishli yuklamani bajarib, belgilangan ish haqini olish imkoniyatiga ega bo‘lganligi ham institut uchun, ham professor-o‘qituvchilar uchun qulay variant deb o‘ylaymiz.

 Mamayunus PARDAYeV,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori.