Ombudsman Samarqandda monitoring o‘tkazdi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning mintaqaviy vakili tomonidan tegishli jamoat tashkilotlari jalb etilgan holda Kattaqo‘rg‘on shahridagi 7-sonli tergov hibsxonasi, Past Darg‘om tumanidagi 37-sonli jazoni ijro etish manzil koloniyasi hamda Samarqand shahridagi vaqtinchalik saqlash hibsxonalarida monitoring tadbirlari o‘tkazildi.
Monitoringlar davomida ushbu muassasalarda mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar va ularning oila a’zolari bilan uzoq muddatli uchrashuvlar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘zdan kechirildi, bu maskanlarda saqlanayotgan shaxslarning murojaatlari eshitildi.
– Tergov hibsxonasida mahbus va mahkumlarga qonunchilik doirasida zarur sharoitlar yaratilgan, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahridagi 7-son tergov hibsxonasi boshlig‘i o‘rinbosari Uchqun Normurodov. – Jazo muddatini o‘tayotgan fuqarolar ozodlikka chiqqach, biror kasb-hunar yoki foydali mehnat bilan shug‘ullanishi uchun kasb-hunarga o‘qitilmoqda. Hozirda muassasada chilangarlik, santexniklik, tikuvchilik, duradgorlik va boshqa hunarmandchilik ustaxonalari tashkil etilgan. Mahkumlar bu yerda o‘ndan ortiq yo‘nalishda kasb-hunar o‘rganish bilan birga mehnatiga yarasha haq ham olmoqda.
O‘rganishlar davomida respublikadagi jazoni ijro etish muassasalarida mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda sayyor qabul va uchrashuvlar tashkil etilib, mahkumlarning muammolariga yechim topilayotgani, namunali xulqi bilan ajralib turgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga tayinlangan jazolar yengiliga almashtirilayotgani ma’lum qilindi.
– Monitoring tadbirlarini o‘tkazishdan asosiy maqsad mahkumlarning murojaatlarini o‘rganib, ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, oilasining farovonligini ta’minlash hamda mutasaddi davlat idoralari hamkorligida huquqiy, tibbiy va psixologik ko‘mak berish, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari Bekzod Narimonov. – Shu maqsadda Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 728 marta monitoring tashriflari amalga oshirildi. 7 mingdan ortiq mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy hamda 4381 nafari bilan xoli tarzda suhbatlar o‘tkazildi. Monitoring tashriflari davomida ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari, ovqatlanishlari, mehnat qilish hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holatlari va sifati, saqlanayotgan shaxslar orasida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi va boshqa masalalar o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Mahkum va mahbuslarning oila a’zolariga 34 million so‘mga yaqin moddiy yordam pullari ajratilishiga ko‘maklashildi.
Bu galgi o‘rganishlar davomida aniqlangan muammo va kamchiliklar yechimi bo‘yicha tegishli davlat tashkilotlari, Oliy Majlisga tahliliy ma’lumotlar taqdim etiladi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.