Ona maktubi: Boshing omon bo‘lsin, bolam!
Salom Shoxruhjon, yaxshimisan, bolam! Sog‘lig‘ing joyidami? Qiynalmayapsanmi? Onang o‘rgilsin sendan, sog‘inib ketdim. Har kuni televizorda askarlarni ko‘rib, ko‘zimga yosh keladi. Sen ham shu o‘ktam yigitlardek xizmat qilib yurganingdan qanchalar xursand ekanimni bilsang edi.
Menga yozgan maktubingni oldim. Xizmatdoshlaring bilan tushgan suratingni ham jo‘natibsan. Katta bo‘lib qolibsan, bolam. Ammo yoshligingdagi odatingni tashlamabsan-da. Ovqat yeyishni kanda qilyapsan, shekilli. Buni suratingga qarab bildim. Biroz ozibsan, lekin bo‘ying ancha cho‘zilibdi. Harbiy libosing yarashibdi. Er yigitga bunday liboslar yarashadi-da, albatta! Bundan juda faxrlandim.
Shoxruhjon, bolam, ona uchun dunyoda eng ulug‘ ne’mat bu – farzand kamoli. Armiya seni kamolga yetkazganini ich-ichimdan his qilyapman. Ilk bor maktub yuborganingda otangdan so‘rab bilgandim. Toshkent viloyati Qibray tumanining chegara qo‘shinlarida xizmat qilayotgan ekansan.
Bolajonim, qayda bo‘lsang ham boshing omon bo‘lsin. Mamlakating, oilang va xalqing uchun yigitlik burchini munosib ado etishingni istayman. Yurtimiz istiqboli uchun har qanday xavf-xatarga ko‘krak tutishdan qo‘rqma. Hamisha Jaloliddin Manguberdi kabi dovyurak, Shiroqdek qo‘rqmas, Alpomishdek kuchli va yengilmas ekaningni ko‘rsat.
Seni sog‘ingan onang Feruza SHERXONOVA,
Past Darg‘om tumani.