Onalik nafaqasi qanday hisoblanadi?
- Onalik nafaqasini hisoblash tartibi qanday? Bunda ish joyidan berilgan mukofot pullari ham hisobga olinadimi?
S.Yo‘ldoshev,
Payariq tumani.
- Mehnat kodeksining 404-moddasiga ko‘ra, ayollarga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili beriladi, - deya savolga javob berdi Payariq tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi rahbari Ikrom Abdurahmonov. - Homiladorlik va tug‘ish ta’tili jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tug‘ruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qat’iy nazar, to‘liq berilishi belgilangan.
Nafaqani hisoblash tartibi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi 314-son qarori bilan tasdiqlangan “Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalarni hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra amalga oshiriladi. Bunga fuqaroga berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos bo‘ladi.
Nizomning 35-bandiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqalar xodim:
- ishga qabul qilingan kundan 12 oygacha ish stajiga ega bo‘lganda, o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi;
- ishga qabul qilingan kundan 12 oydan ortiq ish stajiga ega bo‘lganda, o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida to‘lanadi.
Nafaqaning umumiy summasi kunlik o‘rtacha ish haqini ushbu oyda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish ta’tili hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan ta’til tufayli ishga kelmagan ish kunlari soniga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.
Nafaqalar bo‘yicha o‘rtacha ish haqi Mehnat kodeksining 257-moddasiga ko‘ra, o‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarish uchun xodimga hisoblangan ish haqining tarkibiga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan, soliq solinishi lozim bo‘lgan, ish beruvchi tomonidan haqiqatda amalga oshirilgan to‘lovlarning barcha turlari kiritiladi.
Mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimidagi xodimlarning o‘rtacha ish haqi xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi kalendar oy uchun ishbay baholar bo‘yicha haqiqatda hisoblangan ish haqidan kelib chiqib, xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi o‘n ikki kalendar oy uchun ustamalar, mukofotlar va boshqa to‘lovlar (ushbu Kodeks 248-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ish haqining qo‘shimcha qismi) summasining o‘n ikkidan bir qismi o‘rtacha ish haqiga jamlangan holda belgilanadi.